Xorazmda 31 yoshli ayol farzandidan mahrum bo‘lishidan qo‘rqmoqda. IIB izoh berdi

Xorazmda 31 yoshli ayol farzandidan mahrum bo‘lishidan qo‘rqmoqda. IIB izoh berdi

2021 yil 14 iyun kuni Effect.uz axborot agentligining internetdagi saytida Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi Laylo Sapayevaning murojaati asosida tayyorlangan “31 yoshli ayol farzandidan mahrum bo‘lishidan qo‘rqmoqda” deb nomlangan maqola va videolavha e’lon qilingan.

Fuqaro L.Sapayevaning tahririyat xodimiga bergan intervyusida va shu asosida tayyorlangan maqolada Qo‘shko‘pir tumani IIB xodimlari tomonidan asossiz ravishda ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganligini, shuningdek farzandini olib qo‘yishga urinish bo‘layotganligini keltirib o‘tganligi bois, ushbu holatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi G.Xo‘jayevaning tuman ichki ishlar bo‘limiga tanishi L.Sapayeva haqorat qilganligi to‘g‘risida bergan arizasi yuzasidan surishtiruv olib borish jarayonida L.Sapayevaning ruhiyatida jiddiy o‘zgarishlar sezilganligi va 2014 yildan buyon ruhiy-asab kasalliklari dispanseri hisobida turganligi inobatga olinib unga nisbatan Qo‘shko‘pir tumani IIO FMB 3-son IIB tomonidan 25.03.2021 yilda sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan.

31.03.2021 yilda Xorazm viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanserida sud-psixiatriya ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan ekspertizaga ko‘ra Sapayeva Laylo Saparbayevna surunkali ruhiy kasallik hisoblangan “Paranoid shizofreniya” tashhisi bilan kasallangan degan xulosaga kelingan.

Shunga asosan L.Sapayeva Xorazm viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanserining umumiy tartibli bo‘limida tibbiy yo‘sinda majburiy davolangan.

L.Sapayeva dispanserda majburiy davolanishda bo‘lgan paytida uning 2019 yilda tug‘ilgan farzandini qarovsiz va nazoratsiz qolishining oldini olish maqsadida Qo‘shko‘pir tumani hokimligi huzuridagi vasiylik va homiylik kengashi tomonidan bolalar uyiga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, L.Sapayevaga nisbatan Qo‘shko‘pir tumani ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan biron-bir tarzda qonunga xilof xatti-harakatlar sodir qilinmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!