"Xorazmda 14 kishida koronavirus aniqlangani, ammo bu rasman qayd etilmagani"ga izoh berildi

"Xorazmda 14 kishida koronavirus aniqlangani, ammo bu rasman qayd etilmagani"ga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida 4 iyun kuni 14 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangani, lekin bu ma’lumot Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotida aks etmaganiga oid xabarlar tarqaldi. Ro‘yxatdagi 14 kishiga oid ma’lumotlar batafsil keltirilishi bilan birga ma’lumot muhrlangan hamda mas’ul shaxs tomonidan imzolangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi shu masala bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

Bir narsani unutmasligimiz shart – bir marta musbat natija olingani Covid-19 koronavirus infeksiyasiga oid yakuniy xulosa bermaydi. Musbat natijali tahlillar SEOM virusologiya laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo‘yiladi.

Xorazmdagi holatga kelsak, bu faqat dastlabki natijalar bo‘lib, ro‘yxatdagi shaxslarning infeksiyaga chalinganini anglatmaydi. Tahlillar albatta qayta tekshirilishi lozim va bu holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot beriladi.

Fursatdan foydalanib, tasdiqlanmagan va fuqarolar shaxsiga oid ma’lumotlarni tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tmoqchimiz.

Shuningdek, qayta tekshiruv usuli sog‘aygan deb hisoblangan bemorlarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Ya’ni 14 kunlik tibbiy kuzatuv va davolanish yakuniga ko‘ra ilk tekshiruvda virus aniqlanmagan taqdirda ham biz yana bir marta tahlil olamiz va qayta tekshiramiz. Shundan keyingina bemor butunlay sog‘aygani haqida xulosa beramiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kasallikka oid barcha ma’lumotlarni kun davomida uzluksiz yangilab bormoqda va hammasi shaffof tarzda e’lon qilinmoqda. Fuqarolarimizdan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishlarini so‘rab qolamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!