Xitoyga pandemiyaning kuchli to‘lqini qaytdi

Xitoyga pandemiyaning kuchli to‘lqini qaytdi

🇨🇳 Ilk bor Xitoyda aniqlangan SOVID-19 kasalligi oradan uch yil o‘tib, yana ushbu davlatda shiddat bilan tarqala boshladi. Xususan, o‘tgan kuni hukumat rasmiylari mamlakatda kunlik xastalanish ko‘rsatkichlari pandemiya davridagi mutlaq rekord ko‘rsatkichga yetganini qayd etdi — 31,5 ming nafar bemor!

📊 Umuman, o‘tgan uch yil davomida bu yerda faqat aprel oyida xavotirli o‘sish dinamikasi kuzatilgandi. O‘shanda eng ko‘pi bilan kuniga 30 mingga yaqin kishiga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan.

🚫 Shundan so‘ng Chin yurtida amalga oshirilgan qat’iy cheklovlarga asoslangan “nol holat” strategiyasi ma’lum muddat odamlarni bu xavfli kasallikdan himoyaladi. Ammo butun dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan pandemiyaning yangi to‘lqini oxir-oqibat qariyb 1,5 milliard aholiga ega Xitoyni ham chetlab o‘tmadi.

🦠 Hozir mamlakat rasmiylari karantin choralarini yanada kuchaytirish harakatida. Yirik shaharlarda qisman lokdaun va kasallikni aniqlashga qaratilgan ommaviy test sinovlari qayta tiklanyapti.

📈 Chunki 31 provinsiya ma’muriyati kasallik avj olganini ma’lum qilgan. Ular orasida 22 milliondan ortiq kishi yashaydigan poytaxt Pekin va 18,5 million aholi istiqomat qiladigan yirik megapolis Guanchjou shaharlari ham bor.

📌 Aslida, bir necha hafta avval bu yerda o‘rnatilgan maxsus cheklovlar biroz yumshatilgandi. Jumladan, bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxslarni yetti kun davomida karantin markazida majburiy saqlash talabi besh kunga qisqartirildi.

❌ Biroq endi yana ehtiyotkorlik oshirilyapti. Pekinning yirik tumani — Chaoyangda aksariyat kompaniyalar eshigiga vaqtincha qulf osildi. Boshqa hududlardagi qator xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar muassasalar faoliyati to‘xtatildi, odamlar masofiy ish tartibiga o‘tdi.

🗓 Guanchjou shahrida ham bugundan qisman karantin kuchga kiradi. Ushbu cheklovlar 6 million nafarga yaqin kishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi aytilyapti.

‼️Umuman, hozir Xitoyda epidemiologik vaziyat murakkablashmoqda. Mamlakat rasmiylari bu yog‘iga koronavirusga qarshi emlash qamrovini yanada oshirishni maqsad qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!