Xitoy uchinchi yirik samolyot tashuvchi kemasini suvga tushirdi

Xitoy uchinchi yirik samolyot tashuvchi kemasini suvga tushirdi

Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 17 iyun kuni Xitoy harbiy-dengiz kuchlarining uchinchi aviatashuvchi kemasining qurilishi yakunlandi.

Xitoy Markaziy Harbiy Kengashi buyrug‘iga asosan yangi qurilgan yirik harbiy kema «Xalq ozodlik armiyasining Fuszyan kemasi» deb nomlandi va «18» raqami berildi. Kemaning umumiy og‘irligi 80 ming tonnani tashkil etadi va u qancha samolyotni olib yurishi hozircha noma’lum.

Harbiy kema rasman 2024 yilda foydalanishga topshirilishi mumkin. Sinxua agentligiga ko‘ra, harbiy kema to‘liq Xitoy tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2005 yilda Xitoy Ukrainadan «Varyag» kemasini sotib olib, uni ta’mirlagan va «Lyaonin» deb nom bergan edi. U Xitoyning birinchi aviatashuvchi kemasidir. Kema 2012 yilda foydalanishga topshirilgan. Ushbu aviatashuvchi 24 ta qiruvchi samolyotni olib yurishi mumkin.

Xitoy 2017 yilda ikkinchi samolyot tashuvchi kemasining qurilishini yakunladi va keyinchalik «Shandung» deb nomlangan aviatashuvchi (№ 17) 2019 yilda foydalanishga topshirildi. U 36 tagacha qiruvchi samolyotlarni olib yurishi mumkin.

South China Morning Post nashrining yozishicha, Xitoy birinchi bosqichda to‘rtta aviatashuvchi kema qurishni rejalashtirmoqda. Xitoy keyingi bosqichda atom aviatashuvchi kemasini qurishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!