Xitoy 7 nafar tayvanlik siyosatchiga sanksiya e’lon qildi

Xitoy 7 nafar tayvanlik siyosatchiga sanksiya e’lon qildi

Tayvanning 7 nafar siyosatchisi separatizm va orol mustaqilligini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanib, Xitoy tomonidan joriy qilingan sanksiyaga uchradi. Ularga materik Xitoy hududiga kirish taqiqlandi. Mazkur axborotni XXR Markaziy televideniyesi tarqatdi.

Tegishli ro‘yxatda Tayvan vakili Syao Meysin, siyosatchilar Gu Lisyun (Vellington Ku) va Chen Szyaoxua, ko‘pchilik qatori orolga tashrifi davomida AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosini qabul qilgan Qonunchilik yuani (Tayvan parlamenti) spikeri o‘rinbosari Say Sichan, shuningdek Tayvan Demokratik taraqqiyot partiyasi Bosh kotibi muovini, juda faol siyosatchi Lin Feyfan hamda shu partiya a’zolari Ke Szyanmin va Van Din’yuy qayd etilgan.

O‘zA xabar berganidek, ayni payt Tayvanga Ed Marki boshchiligidagi amerikalik kongressmenlar delegasiyasi tashrif buyurgan. Rejaga ko‘ra, ular orolda yuqori martabali mulozimlar bilan AQSh va Taybey munosabatini, mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investisiya, global mahsulot yetkazib berish zanjiri, iqlim o‘zgarishi kabi qator o‘zaro manfaatli muhim, dolzarb masalalarni muhokama qilishni ko‘zlashyapti.

Qo‘shma Shtatlardan guruh orolga kelgani ma’lum bo‘lgach, XXR Mudofaa vazirligi rasmiy vakili U Syan Xitoy armiyasi Taybey va Vashington kelishuviga javoban, yana bir bor Tayvan atrofida harbiy o‘quv mashg‘uloti va qo‘riqlash tadbiri o‘tkazishi to‘g‘risidagi bayonot bilan chiqdi.

Umuman, amerikalik siyosatchilarning mazkur tashrifi Tayvan tufayli yuzaga kelgan, Pelosining oroldagi uchrashuvlari oqibatida shundoq ham keskinlashgan vaziyatni yanada taranglashtirish ehtimoli yuqori. Axir, so‘nggi 25 yil ichida AQShdan Taybeyga bu darajada yuqori lavozimli shaxs kelmagandi.

Tabiiyki, Pekin Vashingtonning ushbu qadamiga darhol qarshi munosabat bildirdi. Aniqrog‘i, shunchaki munosabat bildirdi, deyish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Balki, zudlik bilan o‘ziga xos javob choralarini ko‘rdi: orol qirg‘og‘i yaqinida harbiy o‘quv mashqi o‘tkazdi, Pelosi va uning qarindoshlari hamda Tayvandagi ikki jamg‘armaga nisbatan sanksiya e’lon qildi, orolga qarshi savdo cheklovi joriy etdi.

Xitoy TIV Vakillar palatasi spikerining tashrifi bilan bog‘liq ehtimoliy salbiy oqibatlar uchun mas’uliyatni Vashington va Taybey zimmasiga yuklab qo‘yishni ham unutmadi.

Ma’lumki, Pekin Tayvan suverenitetini tan olmagan, orolni o‘z hududi, deb hisoblaydi. Taybeyning xorijiy davlatlar mulozimlari yoki harbiylari bilan aloqa, munosabat o‘rnatishga qaratilgan har qanday harakatiga keskin qarshi chiqadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!