Xakerlar yangi turdagi koronavirusni tadqiq qilayotgan Oksford universiteti laboratoriyasiga hujum uyushtirdi

Xakerlar yangi turdagi koronavirusni tadqiq qilayotgan Oksford universiteti laboratoriyasiga hujum uyushtirdi

Noma’lum xakerlar yangi turdagi koronavirusni tadqiq qilish bilan shug‘ullanayotgan Oksford universiteti laboratoriyasining kompyuter tizimiga hujum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Hold Security asoschisi Aleks Holdenning so‘zlariga ko‘ra, kiberhujum fevral oyining o‘rtalarida COVID-19 ustida tadqiqot olib borayotgan Strubi nomi bilan tanilgan tizimli biologiya bo‘limida amalga oshirilgan.

«Biz muammoni aniqladik va xavfsizlik choralarini ko‘rdik, endi keyingi surishtiruvlarni olib boryapmiz», — deyiladi universitet bayonotida.

Holdenning aytishicha, u xavfsizligi yaxshi ta’minlanmagan serverda xakerlar tomonidan qoldirilgan laboratoriya tarmog‘iga tegishli skrinshotlar orqali kiberhujum uyushtirilganini sezgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya izlayotgan xakerlar Janubiy Amerikadan turib ishlaydigan portugaliyaliklar bo‘lgan.

Oliy ta’lim muassasasi ma’muriyatining ta’kidlashicha, kiberhujum laboratoriyada olib borilayotgan tadqiqotlarga zarar yetkazmagan. Britaniya Kiberxavfsizlik milliy markazi kiberhujum tergoviga jalb qilingan.

Xakerlar ma’lumotlar bazasiga va elektron pochta arxiviga kirmoqchi bo‘lgan. Bo‘lim mutaxassislarining fikriga ko‘ra, xakerlar koronavirusning molekulyar tuzilishi haqidagi ma’lumotlarni o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq shimoliy koreyalik xakerlar Pfizer kompaniyasi serverlariga hujum uyushtirgani haqida xabar berilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!