Viktor Orbanga majburiyati eslatildi
Evropa komissiyasi vise-prezidenti Vera Yourova Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga mamlakatning xalqaro huquqqa doir majburiyatlarini eslatdi.
Avvalroq Orban Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vazirini hibsga olishga order berganiga e’tiroz bildirib, uni Vengriyaga rasmiy tashrifga taklif qilgan edi.
«Mas’uliyatli siyosatchilar xalqaro majburiyatlarini yaxshi biladilar. Tegishli hujjatlarni imzolagan Vengriya Xalqaro jinoyat sudi ishtirokchisi sanaladi. Xalqaro huquq talabiga ko‘ra sud qarorlarini tomonlar hurmat qilishi kerak. Ya’ni Xalqaro jinoyat sudi qarorlari tegishli hujjatga imzo chekkan barcha davlatlar uchun, jumladan, Vengriya uchun ham majburiydir», — degan Yevrokomissiya vise-prezidenti.
Vera Yourovaga ko‘ra, ehtimoliy jinoyatchi sanalgan Netanyahuni o‘z mamlakatiga taklif qilish bilan Vengriya bitimlarni ochiq buzgan hisoblanadi. Bundan esa eng kamida mamlakat obro‘si to‘kiladi.
«(Xalqaro jinoyat sudi qarorini bajarmaslikning oqibati yuzasidan) aniq javob bera olmayman. Ammo mamlakat xalqaro institutlardagi majburiyatlarini buzar ekan, o‘z obro‘siga dog‘ tushiradi», — degan YEIning yuqori martabali rasmiysi.
Avval xabar berganimizdek, 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlar sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi.
Ushbu ikki shaxsga 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha bo‘lgan muddatda G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi xalqaro sud qarorini qo‘llab-quvvatladi.
G‘arbning ko‘plab yetakchi davlatlari xalqaro sud qarorini hurmat qilishga chaqirgan bo‘lsa-da, Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lmish AQSh unga qarshi chiqdi.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham xalqaro sud qaroriga rioya etilmasligini ta’kidlab, insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumonlanayotgan Binyamin Netanyahuni mehmonga taklif qildi.