Vaziyat barqarorlashib, hayot o‘z maromiga tushmoqda

Vaziyat barqarorlashib, hayot o‘z maromiga tushmoqda

Shu kunlarda ko‘p millatli xalqimiz ham, davlatimiz ham o‘ziga xos sinovdan o‘tdi. Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealar va ularning keyingi rivoji davlatimizning har qanday sharoitda ham o‘z fuqarolarining tinchligi va xavfsizligini ta’minlash uchun tayyorligini ko‘rsatdi.

Ma’lumki, ayrim fuqarolarning yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lmaganidan foydalangan ba’zi guruh vakillari Konstitusiyaga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan muayyan takliflarni Qoraqalpog‘iston xalqining huquq va manfaatlariga, go‘yoki, zid ekani haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish orqali ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarishgan.

Aslida, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitusiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolarning fikr va mulohazalari asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkazilishi belgilangan. Shundan keyingina bu takliflar qonuniy tusga kirishi mumkin. Prezidentimiz yangilanayotgan Konstitusiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etishini ta’kidlab o‘tdi. Bugun parlament xalq muhokamalari 15 iyulgacha cho‘zilgani buning isboti.

Afsuski, ayrim g‘alamislar ushbu ma’lumotlarning aholiga o‘z vaqtida va to‘liq yetkazilmaganidan foydalanishga harakat qilishdi. Qoraqalpog‘istondagi voqealar paytida 243 nafar shaxsga, jumladan, 38 huquq-tartibot organlari xodimlariga turli tan jarohatlari yetkazilgan, og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar fuqaro vafot etgan.

Davlatimiz rahbarining zudlik bilan Nukus shahriga yetib kelishi va bevosita voqea joyida fuqarolarni tinchligi va xavfsizligini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlarni belgilashda shaxsan ishtiroki vaziyatni barqarorlashtirish, hayotni o‘z maromiga qaytarish imkonini yaratdi. Eng muhimi, davlat rahbari xalq orasiga kirib bordi, Nukus shahri aholisi, faollari bilan uchrashib, ularning fikr-mulohazalarini o‘rgandi, real va tanqidiy yondashuv asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Jumladan, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyulidan 2 avgustigacha qadar favqulodda holat joriy etildi. Favqulodda holat e’lon qilinishi bilan ayrim choralar va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatildi. Xususan, favqulodda holat davriga jamoat tartibi, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirildi.

O‘z vaqtida qabul qilingan bu siyosiy-huquqiy qaror va ko‘rilgan chora-tadbirlar mazkur hududda vaziyatning barqarorlashtirish hamda kundalik hayotni o‘z maromiga qaytarish imkoniyatini berdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, asrlar davomida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida shakllangan tarixiy do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir.

Ishonamizki, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi. O‘zbekistonda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar yetarli.

S. Jo‘rayev,

siyosiy fanlar doktori, professor


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!