Vashington Armanistonni himoyaga oladimi?

AQSh va Armaniston mudofaa, iqtisod va demokratik rivojlanish kabi sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan strategik sheriklik shartnomasini imzoladi.
💬 “Biz yanada kuchli hamkorlarga aylanmoqdamiz va bu har ikki davlat, mintaqa va butun dunyo manfaati uchun”, deb ta’kidladi Blinken.
Vashingtondagi hujjat imzolash marosimida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan “strategik hamkorlik komissiyasi” tuzilganini e’lon qildi.
Kelishuv doirasida Qo‘shma Shtatlar chegara xavfsizligini mustahkamlashga yordam berish uchun Armanistonga ekspertlar guruhini yuboradi, shuningdek, fuqarolik yadroviy hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Bundan tashqari, Armaniston terror tashkiloti Daishga qarshi AQSh boshchiligidagi koalisiyaga rasman qo‘shiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi (ODKB) ishtirokini to‘xtatgan edi. Rossiya bu harakat Yerevanning Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zoligini mos kelmaydigan qilib qo‘yganini aytdi.
O‘tgan hafta Armaniston parlamenti Yevropa Ittifoqiga kirish uchun ariza topshirishni boshlash haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Bir kun avval Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Sergey Kopirkinni “Rossiya 1” telekanalidagi “Hafta yangiliklari” ko‘rsatuvi haqidagi voqea yuzasidan chaqirtirdi. 12-yanvar kungi bo‘limda boshlovchi Dmitriy Kiselev Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan uch tomonlama kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni e’tiborsiz qoldirib, Fransiyadan qurol sotib olib, yangi urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisiga norozilik notasini yubordi, biroq voqeadagi qaysi bayonotlar respublika suverenitetiga tahdid deb topilganiga aniqlik kiritmadi.