UzReport telekanali tasvirchisi: "Sud chiqargan hukmdan noroziman" (VIDEO)

UzReport telekanali tasvirchisi: "Sud chiqargan hukmdan noroziman" (VIDEO)

UzReport telekanali Davlat yo‘l harkati xavfsizligi xizmati bilan hamkorlikda «No Comment» dasturini tayyorlash maqsadida Chilonzor tumanidagi YHTni tasvirga olish vaqtida tasvirchiga qarshilik ko‘rsatilgan. Holat yuzasidan sudga yuborilgan ishda voqea butunlay boshqacha aks ettirilgani sabab telekanal tasvirchisi sud hukmidan norozi. Bu haqda "Daryo" yozmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning 13 sentyabr kuni Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasini tasvirga olmoqchi bo‘lgan UzReport telekanali operatoriga YTHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan bir necha fuqaro to‘sqinlik qilgan.

E’lon qilingan videodan ko‘rish mumkinki, ikki nafar fuqaro haqoratli so‘zlarni ishlatib, telekanal operatoriga tashlanib qolgan. Ta’kidlanishicha, mazkur fuqarolarning agressiv xatti-harakati oqibatida telekanal kamerasi yaroqsiz holga kelgan.

«Har bir kerakli bo‘lgan holatni tasvirga olishim kerak, bu mening vazifam. Tasvirga olayotganimda ular buni tushunmasdan, menga tahdid qilishdi va voqea joyida o‘zlarining xatti-harkatlari bilan kameramni yaroqsiz holatga keltirishdi», — deydi telekanal tasvirchisi Fayoz Baxtiyorov.

Holat yuzasidan tajovuzkor fuqarolarga chora ko‘rishni so‘rab UzReport telekanali tasvirchisi IIOga ariza yozgan. Keyinchalik Chilonzor tumani Ma’muriy sudining 23 sentyabrdagi ish bo‘yicha qarori e’lon qilingan.

«Sud chiqargan hukmdan noroziman. Chunki u yerda meni ko‘chada ketayotganimda ikki nafar fuqaro bilan janjallashganim haqida yozilgan, lekin men undan qoniqmayman. Arizamda ham xizmat vazifamni bajarayotganimda menga tahdid qilishgani, kameramni sidirishgani haqida yozganman», — deydi jabrlanuvchi.

Voqea joyida bo‘lgan ichki ishlar uchastka nozirining sudga taqdim etgan bayonnoma, ariza va bildirgilarida ishning bayoni butunlay boshqa ko‘rinishda bo‘lgan. Bu keyinchalik DYHX xodimi Qahramon Xudoyberganov va uchastka noziri o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda ham aks etgan. U yerda ko‘rsatuv ijodkorlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtda fuqarolar tomonidan hujumga uchraganini hujjatlarda rasmiylashtirilayotganini ko‘rish mumkin. Lekin nozir vaziyatni tajovuzkor fuqarolar tomoniga yumshatishga uringanini, bu harakatini esa turli asossiz bahonalar bilan izohlashga uringan.

«Sud qarorida voqea tafsiloti umuman boshqacha bayon etilgan. Ya’ni qarorning bayon qismida fuqarolar Chilonzor tumani hududida bir-birlari urushib, jamoat tartibini buzgani aniqlangan deb ko‘rsatilgan. Aslida voqea tafsiloti umuman boshqacha bo‘lgan», — deydi telekanal yuristi Mirzohid G‘aniyev.

UzReport telekanali asl tafsilot sudga taqdim etilgan bayonnomalarda nega aks etmagani, ishni rasmiylashtirib olgan uchastka nozirlari nima sababdan bu kabi ish tutgani, prokuratura, IIV va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan izoh talab qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!