O‘zbekistonning kardiologiya sohasidagi yutuqlari Parijda e’tirof etildi

O‘zbekistonning kardiologiya sohasidagi yutuqlari Parijda e’tirof etildi

Bugun Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan «EuroPCR 2022» jahon kardiologlari an’anaviy kongressining uchinchi kuni. Pandemiya davridagi ikki yillik tanaffusdan so‘ng o‘tayotgan tadbirda dunyoning 120 davlatidan borgan 5 mingdan ziyod eng malakali kardiologlar yana to‘plandi.

Unda O‘zbekistondan borgan yetakchi mutaxassislar delegasiyasi ham ishtirok etyapti.

Kongressda muhokama etilayotgan mavzular xilma-xil. Ammo barchasi yurak-qon tomir tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi imkoniyatlarini qidirish, tibbiy va klinik amaliyotga ilg‘or yutuqlar va innovasion metodlarni joriy qilish masalalariga bag‘ishlangan.

Yana ham aniqrog‘i, jahon kardiologlari o‘tkir miokard infarkti, koronar arteriya, orttirilgan yurak nuqsonlari va shu singari boshqa xavfli kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolash bo‘yicha fikr va tajriba almashmoqda.

Ma’ruzalar sohada olib borilgan so‘nggi ilmiy tadqiqotlar natijalariga asoslangan. Bu esa ishtirokchilar uchun ilm-fan yutuqlaridan yanada kengroq bahramand bo‘lish va ularni ommalashtirish uchun ajoyib imkoniyat.

«EuroPCR 2022» bu safar 300dan ortiq ilmiy-amaliy sessiyalarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, kongress doirasida jahondagi yetakchi klinikalarning angiokardiografik laboratoriyalarida bajarilayotgan noyob operasiyalardan jonli translyasiyalar namoyish etilmoqda.

Tadbirda mamlakatimizdan qatnashayotgan mutaxassislar soni — 11 nafar. Ular o‘z chiqishlarida tibbiyotning mazkur yo‘nalishida keyingi yillarda O‘zbekistonda erishilgan ilg‘or yutuq va tajribalarni dunyodagi hamkasblari bilan o‘rtoqlashyapti.

— Ma’lumki, yurak-qon tomir sohasidagi an’anaviy jarrohlik amaliyotlari ochiq operasiyalarni o‘z ichiga oladi, — deydi kongress ishtirokchisi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Doniyor Alimov. — Bugungi ilm-fan yutuqlari esa bemorlarni endovaskulyar, kam invaziv usullar yordamida, kateter orqali, narkozsiz, og‘riqsiz davolash imkonini berayotgani sir emas.

Mamlakatimizda ham bugun 50 ga yaqin zamonaviy angiografik uskunalar mavjud. Bu esa nafaqat poytaxtimiz, balki hududlarda ham shunday murakkab yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirishga zamin yaratadi. Natijada bemorlar og‘ir asoratlarsiz qisqa muddatda sog‘ayib oilasi bag‘riga qaytyapti. Qolaversa, nogironlikning oldi olinyapti.

Eng muhimi, bunday imkoniyatlar tufayli yurtdoshlarimizning kardiologiya, kardioxirurgiya sohasida avvalgidek ilg‘or xorijiy davlatlarga borib davolanishiga mutlaqo ehtiyoj qolmadi.

Kongressda O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatlari jahon kardiologlari tomonidan e’tirof etildi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

«EuroPCR 2022» o‘z ishini davom ettiryapti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!