O‘zbekistonlik talabalar “Ozarbayjon madaniyatining yozgi maktabi” loyihasi doirasida Ozarbayjonga tashrif buyurdilar
Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Ozarbayjon madaniyatining yozgi maktabi” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasidan bir guruh talabalar Ozarbayjonda safarda bo‘lib turibdi.
12–18 iyul kunlarini qamrab olgan yozgi maktabning ilk kunida ishtirokchilar Ganja shahrining tarixiy va madaniy maskanlarini ziyorat qildilar. Dastur doirasida o‘zbekistonlik yoshlar buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy maqbarasi, Nizomiy Ganjaviy muzeyi, shuningdek, Ganja memorial majmuasi bilan yaqindan tanishdilar.
Ziyoratlar davomida ishtirokchilarga buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti, boy adabiy-falsafiy merosi, jahon adabiyoti hamda insoniyat tafakkuri taraqqiyotiga qo‘shgan muhim hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, shoir tavalludining 885 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan tadbirlar hamda uning merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Ganja memorial majmuasida ishtirokchilarga 44 kunlik Vatan urushi davrida Armaniston Qurolli Kuchlari tomonidan Ganja shahrining raketa hujumlariga uchratilgani va ushbu hujumlarning tinch aholi uchun keltirib chiqargan fojiali oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu majmua raketa hujumlari oqibatida halok bo‘lgan tinch aholi xotirasini abadiylashtirish hamda mazkur fojialarga oid tarixiy haqiqatlarni jahon jamoatchiligiga yetkazishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bir hafta davom etadigan yozgi maktab doirasida o‘zbekistonlik yoshlar ishtirokida konsert dasturlari va turli madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Dastur doirasida ishtirokchilarning tarixiy-madaniy yodgorliklar, muzeylar hamda Ozarbayjonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini aks ettiruvchi muhim ob’ektlar bilan tanishishi ham rejalashtirilgan. Yozgi maktab o‘zbekistonlik yoshlarning Ozarbayjon haqidagi bilimlarini kengaytirish, mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosini targ‘ib etish, shuningdek, Ozarbayjon–O‘zbekiston madaniy-gumanitar aloqalarini yanada mustahkamlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
