Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

 Кирилча  
logo

O‘zbekistonlik olima koronavirusni butunlay yo‘q qiluvchi preparat yaratganini ma’lum qildi

O‘zbekistonlik olima koronavirusni butunlay yo‘q qiluvchi preparat yaratganini ma’lum qildi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi (O‘zFA) O‘zbekistonda yaratilgan preparat koronavirusni to‘xtatishi mumkinligi aytilgan maqolaga munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, «O‘zbekistonda yaratilgan preparat koronavirusni to‘xtatishi ehtimoli mavjud – Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi» sarlavhali ushbu maqola «Kun.uz» saytida e’lon qilingan, biroq keyinchalik saytdan o‘chirib tashlangan. Unda dorishunos olima Naima Aliqulova qo‘lida koronavirusni butunlay yo‘q qiluvchi preparat borligi, uning natija berishiga ishonishini ta’kidlagan.

Shuningdek, mutasaddi tashkilotlardan sado chiqmagach, O‘zbekistonda farmasevtik zavod ochib, koronavirusga qarshi dorisini ishlab chiqarish uchun O‘zbekiston ixtirolari davlat ro‘yxatida Davlat reestrida ro‘yxatga olingan, 2008 yilda 2 million dollarga baholangan «Sirisin» preparati patentini sotishga roziligini bildirgan.

O‘zFA bayonotida aytilishicha, maqola muallifi Naima Aliqulova hozirda O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida mustaqil-izlanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning asosiy ish joyi Islom akademiyasi akademik liseyi hisoblanadi. Rahima Ochilova Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi institutida 2004—2006 yillarda laborant bo‘lib ishlagan.

Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti ma’lumotiga ko‘ra, maqolada keltirilgan «Quvatin» va «Noglyukin» biofaol moddalarining ipak qurti pillasidan ajratib olish texnologiyasi institut xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu biofaol qo‘shimchalar sport tibbiyoti uchun mo‘ljallangan va hech qachon ularning virusga qarshi ta’siri tekshirilmagan.

Shuningdek, «Sirisin» preparati diabet kasalligi uchun biofaol qo‘shimcha sifatida ishlatilgan.

«Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, har bir yaratilgan dori vositasi belgilangan reglamentlar asosida sinovdan o‘tkaziladi va u bilan bog‘liq jarayonlar ‘Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida’gi qonunga muvofiq amalga oshiriladi», — deyiladi O‘zFA axborot xizmati munosabatida.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 2 aprel holatiga ko‘ra, 190 nafarga etdi. Mamlakatda ilk koronavirus holati aniqlanganidan buyon hozirga qadar ikki kishi kasallik qurboniga aylangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!