O‘zbekistonda VAR tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekistonda VAR tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi yurtimizda hakamlik darajasini oshirish, futbol uchrashuvlarining hakamlar tomonidan har jihatdan adolatli tarzda boshqarilishini ta’minlash maqsadida muntazam ravishda qator loyiha va dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. 

Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, FIFA hamda OFK tavsiyalariga muvofiq, futbol uchrashuvlari vaqtida adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida yaqin kelajakda O‘zbekistonda ham VAR (Video Assistant Referee – video yordamchi hakam) tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.  

Shu boisdan kecha Toshkentda VAR tizimini yo‘lga qo‘yish, ushbu tizimdan samarali foydalanish bo‘yicha seminar boshlandi. Unda FIFA va IFAB mutaxassislari tomonidan mazkur zamonaviy tizimni yo‘lga qo‘yishda e’tibor qaratish lozim bo‘ladigan jihatlar, bunga qadar VAR tizimi joriy etilgan mamlakatlar tajribasidan unumli foydalanish, VAR tizimining foydali jihatlari, ushbu tizimdan samarali foydalanishda operator va hakamlarning ahamiyati bo‘yicha zarur ko‘nikmalar taqdim etilmoqda. 

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu seminarda FIFA Hakamlar boshqarmasidan Maykl Bossler, FIFAning futbolda zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish boshqarmasidan Bxveshan Morgen va IFAB vakili Tibo Niysen bu boradagi o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. 

Seminarda O‘FA va PFL mutaxassislari, Superliga uchrashuvlari hakamlari, nazoratchi va yo‘riqchilar, Superliga uchrashuvlari o‘tkaziladigan stadionlar direktorlari hamda Sport telekanali vakillari ishtirok etishmoqda. 

Kecha start olgan seminarda bevosita  ishtirok etayotgan O‘FA  Birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatov mazkur tizimning yo‘lga qo‘yilishi yurtimizda futbolning rivoji uchun xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi: 

- So‘nggi vaqtlarda FIFA hamda OFK tomonidan futbolga zamonaviy texnologiyalar jadal sur’atlarda tatbiq etilmoqda. Jahonning yetakchi ligalari ham o‘yinning har tomonlama adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida VAR tizimini allaqachon yo‘lga qo‘ya boshlashdi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi ham o‘z oldiga yuqori maqsadlar qo‘ymoqda. Yurtimizda FIFA va OFKning nufuzli musobaqalarini o‘tkazish rejalashtirilyapti. Yirik musobaqalarga mezbonlik qilish uchun esa zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanayotgan FIFA hamda OFK kabi ildamlashimiz talab etiladi. Shu boisdan yaqin kelajakda yurtimizda ham VAR tizimidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bu boradagi dastlabki qadamlarni tashlayapmiz. Ushbu  seminar davomida olinadigan bilimlar bizga mazkur tizimni tatbiq etishda as qotishiga aminman, - deya ta’kidladi Ravshan Ermatov.
 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!