O‘zbekistonda soya maydonlari ko‘paytirilmoqda

O‘zbekistonda soya maydonlari ko‘paytirilmoqda

Bu yil O‘zbekistonning 146,5 ming gektar maydoniga soya ekiladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Soyani 82,5 ming gektar ochiq maydonlarga va 64,0 ming gektar g‘o‘za qator oralariga ekish rejalashtirilgan.

“Yil yakuniga qadar respublikada jami 165,0 ming tonna soya doni yetishtirish prognoz qilinmoqda. Undan 34 ming tonna o‘simlik moyi va 128 ming tonna soya shroti ishlab chiqiladi. Soya shroti esa, sanoat usulida boqilayotgan 38 mln bosh parrandaga yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarda.

Aytilishicha, O‘zbekistonda soya va boshqa moyli ekinlarga talab ortib bormoqda. Ayni shu maqsadda mamlakatda birinchi soya va moyli ekinlar elita urug‘chilik xo‘jaligi tashkil etildi.

Markazlashgan urug‘chilik xo‘jaligi uchun sinov tariqasida Jizzaxning G‘allaorol tumani Oltinboshoq massividan 512 gektar yer maydoni ajratilib, maydonlarning 357 gektariga soya va 100 gektariga masxar ekildi.

Ekin maydonlaridan yil yakunigacha 800 tonna hajmdagi sara urug‘liklar yetishtirilishi rejalashtirilgan. Hozirda u yerda soyaning mahalliy seleksiyaga oid hosildor, To‘maris Man-60, Ustoz, Baraka va Gavhar navlarining yuqori avlodli super elita hamda elita urug‘liklari yetishtirilmoqda.

80,3 ming gektar ochiq maydonlarga ekilgan soyaning 65,4 ming gektari unib chiqdi. Yana 2,2 ming gektar maydonlarga ekish ishlari davom etmoqda.

O‘zbekistonda asosiy ekin sifatida soya ekishning maqbul muddatlari janubiy hududlarda 25-martdan 5-aprelgacha, markaziy hududlarda 1-apreldan 15-aprelgacha, shimoliy hududlarda esa 15-apreldan 25-aprelgacha hisoblanadi. Ertapishar navlarni esa may oyining o‘rtasigacha bo‘lgan muddatlarda ekish mumkin. Takroriy ekin sifatida ekish muddati iyun oyida kuzgi boshoqli don ekinlarining yig‘im-terimidan so‘ng amalga oshiriladi.

Hozirda hududlarda soya ekish va parvarishlash ishlari davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida jami 122 mln gektarga yaqin maydonda soya yetishtirilmoqda. O‘zbekistonda 2020 yilda 17 314 gektar maydonda soya yetishtirilgan.

Soya oqsili hayvon oqsiliga juda o‘xshash. Soya oqsilidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, turli go‘sht, ekologik toza sifatli yog‘ olinadi. Soya unidan tayyorlangan non mahsulotlari bir necha kungacha yumshoq holda saqlanishi va to‘yimliligi bilan ham ajralib turadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!