O‘zbekistonda pandemiya davrida oilalardagi zo‘ravonlik holatlari ortdi

O‘zbekistonda pandemiya davrida oilalardagi zo‘ravonlik holatlari ortdi

 

COVID-19 pandemiyasi ayollarning salomatligi, xavfsizligi va iqtisodiy farovonligi uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqardi. «Gazeta.uz»ning yozishicha, bu haqda Jahon banki ekspertlari — Uilyam Zeys (Markaziy Osiyodagi kambag‘allik va tenglik masalalari bo‘yicha dasturlar rahbari) va Odri Saks (ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha katta mutaxassis) maqolalarida qayd etilgan.

Xususan, 2020 yilda O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik holatlari ko‘paygan. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bir qatorda, ayollar va qizlarga nisbatan jismoniy, psixologik, iqtisodiy va jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham ortgan.

Ta’kidlanishicha, mamlakatdagi ushbu turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha rasmiy statistik ma’lumotlar hali ham mavjud emas. Biroq Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar—dekabr oylari davomida genderga asoslangan zo‘ravonlik qurbonlarining xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlash uchun 14 800 ga yaqin himoya orderi berilgan. Ayollar odatda o‘z oilalarida zo‘ravonlikka ko‘proq uchraydi. 2020 yilda 13 230 ta holatning 82 foizida zo‘ravonlik ularning turmush o‘rtoqlari tomonidan sodir etilgan.

Iqtisodiy va oilaviy muammolar ayollar salomatligining yomonlashishiga olib kelgan. 2020 yilning iyul oyidan dekabrgacha ayollarning 47 foizi o‘zlarining ruhiy salomatligini («yaxshi», «juda yaxshi» yoki «a’lo»dan farqli o‘laroq) «qoniqarli» yoki «yomon» deb baholagan. Bunday javoblarning eng ko‘pi avgust oyiga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda ayollarning 55 foizi o‘zlarining ruhiy holatini «qoniqarli» yoki «yomon» deb ta’riflash mumkinligini aytgan.

Bu «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston fuqarolarini tinglash» («O‘FT») loyihasi doirasida har oyda o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalaridan ma’lum bo‘lgan.

Ushbu so‘rovnomalar barcha hududlardagi jami 4000 uy xo‘jaligidan bo‘lgan respondentlarning fikrlari va farovonligini tahlil qilish uchun 2018 yildan beri o‘tkazilib kelingan. 2020 yilning mart oyida mamlakat miqyosidagi birinchi karantin choralari kiritilganidan keyin so‘rovnoma pandemiyaning fuqarolar va mahallalar salomatligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy holatiga ta’sirini monitoring qilish uchun ham ishlatila boshlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!