O‘zbekistonda naqd to‘lov limiti 176 mln so‘mgacha oshiriladi
O‘zbekistonda tovar va xizmatlar uchun naqd hisob-kitob qilish limiti 25 mln so‘mdan 176 mln so‘mgacha oshiriladi.
Prezidentning PF–175-sonli farmoni bilan tadbirkorlar va iste’molchilar uchun yangi tartib belgilandi.
Unga ko‘ra, tovar va xizmatlar uchun naqd shaklda amalga oshiriladigan hisob-kitoblarning eng yuqori miqdori BHMning 400 baravari etib belgilanmoqda.
2026 yil 1 sentyabrdan BHM 440 ming so‘m etib belgilangan. Shu asosda naqd to‘lovning maksimal miqdori 176 mln so‘mni tashkil etadi.
Amalda esa naqd hisob-kitoblar uchun 25 mln so‘mlik limit qo‘llanib kelgan. Yangi tartib bilan mazkur chegara 7 baravardan ziyodga oshirilmoqda.
Yangi tartib natijasida:
- qimmatroq tovar va xizmatlar uchun naqd hisob-kitob qilish imkoniyati kengayadi;
- tadbirkorlar va xaridorlar uchun hisob-kitob jarayoni qulaylashadi;
- xorijiy sayyohlar uchun yirik xaridlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulaylik yaratiladi.
Shu bilan birga, faqat naqdsiz shaklda to‘lanishi belgilangan tovar va xizmatlar uchun mazkur tartib tatbiq etilmaydi.
