O‘zbekistonda homilador ayollarda koronavirusga chalinish holati 2020 yilga nisbatan ortdi

O‘zbekistonda homilador ayollarda koronavirusga chalinish holati 2020 yilga nisbatan ortdi

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tgan yilga nisbatan 2021 yilda homilador ayollarda koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari juda ko‘p uchramoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, ularning ba’zilarida esa kasallik juda og‘ir o‘tmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola Solihova vazirlikka bergan intervyusida buning asosiy sabablariga to‘xtalib o‘tdi.

«Koronavirus juda yuqumli kasallik hisoblanib, homilador ayollarda oddiy insonlarga qaraganda yuqtirishga moyillik yuqori. Buning sababi esa bo‘lajak onalarda homiladorlik tufayli immunitet pasayishidir. Biroq agar ular o‘zlarini muntazam ravishda parvarish qilib borsa, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsa, kasallikdan himoyalanadi», — deydi shifokor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda homilador ayollarda koronavirus infeksiyasi qanday klinik ko‘rinishlarda kechishi, bu sharoitda homila o‘zini qanday his qilayotgani borasida nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda chuqur tahlillar olib borilmoqda. So‘nggi xulosalarga ko‘ra, koronavirus yo‘ldosh to‘sig‘i orqali o‘ta olmaydi va shu tufayli homila ushbu kasallikdan himoyalanadi. Bu jihatdan infeksiya homilador ayollar uchun grippga qaraganda kamroq xavfli hisoblanadi. Ya’ni tug‘ilgan go‘dakka dunyoga kelganidan keyin koronavirus yuqmasa, u bola sog‘lom dunyoga keladi.

«Biroq shunday bo‘lsa-da, shifokor sifatida ona bo‘lishni rejalashtirayotgan ayollarimizga homiladorlikdan avval COVID-19 ga qarshi emlanishlarini tavsiya qilaman. Bu bilan ular nafaqat o‘zlari, balki tug‘ilajak farzandini ham koronavirus infeksiyasidan asraydi», — degan Kamola Solihova.

Avvalroq SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva vaksina homilaga ta’sir ko‘rsatishi haqida asosli ma’lumotlar mavjud emasligini aytgandi. Ushbu shtabning yana bir a’zosi Nurmat Otabekov koronavirusga qarshi emlanishdagi tibbiy cheklovlar qatoriga homiladorlikni ham kiritgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!