O‘zbekistonda gender tengsizlik pandemiya davridagi ishsizlik paytida ham namoyon bo‘ldi

O‘zbekistonda gender tengsizlik pandemiya davridagi ishsizlik paytida ham namoyon bo‘ldi

 

«O‘zbekiston fuqarolarini tinglash» («O‘FT») loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlar O‘zbekistonda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tengsizlik xotin-qizlarni COVID-19 pandemiyasi kabi iqtisodiy larza oldida ko‘proq himoyasiz qilib qo‘yishini ko‘rsatdi, deb yozmoqda «Gazeta.uz».

 

Qayd etilishicha, mehnat faoliyatidan olinadigan daromadning, chet eldan pul o‘tkazmalari va boshqa manbalardan keladigan daromadning yo‘qotilishi, uy xo‘jaligini yuritish yukining ortishi va oiladagi zo‘ravonlik holatlarining ortishi — bularning barchasi mamlakat shahar va qishloqlaridagi kam ta’minlangan oilalar ayollarining yashash sharoitlari va salomatligiga putur yetkazdi.

O‘zbekistonda gender tengsizlik muammosi, ayniqsa, bandlik sohasida seziladi. Ayollarning haq to‘laniladigan ishlarda bandligi erkaklarga qaraganda shundoq ham kam.

«O‘zbekiston fuqarolarini tinglash» so‘rovnomalariga ko‘ra, o‘rtacha hisobda 2018 yil oktyabridan 2020 yil dekabrigacha ayollarning atigi 19 foizi bir hafta davomida faol ishlagan. Taqqoslash uchun, erkaklarda bu ko‘rsatkich 44 foizga yetgan. To‘liq ish kunida ishlaydigan ayollar ulushi shaharlarda 34 foizni, qishloqlarda esa 28 foizni tashkil etgan.

Erkaklar orasida o‘rtacha hisobda ta’lim darajasining yuqorilab borishi bilan ularning mehnat bozoridagi ishtirokida ham barqaror o‘sish kuzatiladi. Biroq ayollar ishlari iqtisodiy foyda keltirishni boshlashi uchun ular avval oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Masalan, o‘rta maktabni bitirish erkaklarning ishga kirish ehtimolini 15 foizga oshiradi, ammo ayollarda esa ish bilan ta’minlanish istiqbollariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Oilaviy sharoit va bola parvarishi bo‘yicha majburiyatlar ham ayollarning ishga kirishiga ta’sir qiladi. Turmush qurgan ayollarning ish topish ehtimoli turmush qurmagan ayollarga qaraganda ancha past. Ish bilan bandlik darajasi mos ravishda 36 va 52 foizni tashkil qiladi.

«O‘FT»ning 2020 yil o‘tkazilgan bosqichlaridan birida nega ish izlamayotganliklari haqidagi savolga ayollarning 43 foizi «uy xo‘jaligini yuritishi»ni sabab qilib ko‘rsatgan. Erkaklarning esa 7 foizi bu savolga shunday javob bergan.

COVID-19 pandemiyasi ayollar bandligi yuqori bo‘lgan tarmoqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ular asosan inqirozdan sezilarli zarar ko‘rgan iqtisodiyotning norasmiy sektorida, mavsumiy va qisman bandlik talab etiladigan ishlarda mehnat qiladi.

Ayollar oziq-ovqat va mehmonxona industriyasida (52 foiz), chakana savdo (51 foiz), shuningdek, san’at, ko‘ngilochar va dam olish (45 foiz) sohalarida ko‘proq band. Pandemiya boshlanganidan buyon ushbu sohalarda ish joylarining qisqarishi darajasi yuqori bo‘lgani kuzatilgan.

O‘zbekistonda vakansiyalar bo‘yicha eng katta onlayn-resurs bo‘lgan «Olx.uz» ma’lumotlari tahlili aprel oyida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha yangi e’lonlar kamayganidan so‘ng ularning soni 2020 yil oxiriga kelib ham avvalgi darajaga qaytmaganini ko‘rsatgan.

Apreldan dekabrgacha bo‘lgan davrda bo‘sh ish o‘rinlari hajmi 2019 yilga nisbatan ko‘proq kamaygan sektorlar turizm (-51 foiz), go‘zallik, fitnes va sport (-43 foiz), kotibiyat va ma’muriy-xo‘jalik faoliyati (-36 foiz), madaniyat va san’at (-30 foiz), shuningdek, barlar va restoranlardagi ishlar (-17 foiz) bo‘lgan. Ushbu sohalar an’anaviy ravishda ayollar uchun ish o‘rinlari yaratadi.

Avvalroq BMT-Ayollar va BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) hisobotida COVID-19 pandemiyasi ayollarning qashshoqlik darajasi hamda qashshoqlikda yashovchi ayollar va erkaklar o‘rtasidagi farqni keskin oshirishi qayd etilgandi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!