O‘zbekistonda diplomi bor kambag‘allar qancha?

O‘zbekistonda diplomi bor kambag‘allar qancha?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) rahbari Obid Hakimovning fikriga ko‘ra, oliy ma’lumotli odamlar kambag‘allik chegarasi ostida qolish ehtimoli kamroq. ITIM rahbari O‘zbekistondagi kambag‘allarning 7 foizining diplomlari borligini ma’lum qildi. Bu haqda "Daryo" xabar berdi.

«O‘zbekistondagi kambag‘allarning yetti foizi diplomga ega odamlar hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, O‘zbekistondagi diplomga ega bo‘lgan odam kambag‘allik chegarasi ostiga tushishi ehtimoldan yiroq emas», – deya ta’kidladi Obid Hakimov.

Ta’kidlanishicha, kambag‘allarning ta’limiga sarmoya kiritish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarning yetishmasligini hal etish rivojlanishning asosiy omilidir.

Obid Hakimov ijtimoiy himoya tizimi kambag‘allikni kamaytirishning eng muhim yo‘nalishi deb hisoblaydi. YUNISEFning tadqiqotlariga asoslanib ma’lum qilishicha, so‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonda shakllangan ijtimoiy himoya tizimi sabab kambag‘allikni 39 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘lingan.

«Jahon banki har oyda aholining daromadlariga qarab kambag‘allik darajasini baholaydi. 2018 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda u 7,8 foizga tushishi kerak edi. Biroq pandemiya sababli yana 450 ming kishi O‘zbekistonda kambag‘allik darajasiga tushishi mumkin», – dedi markaz direktori.

Shu bilan birga, iqtisodiy prognozlarga ko‘ra, 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich 6,2 foizga pasayishi kutilmoqda.

Shuningdek, tadqiqotlar natijasida ITIM quyidagilarni aniqladi:

  • kam ta’minlangan oila o‘rtacha 7 kishidan iborat;
  • kam ta’minlangan oila boshlig‘ining o‘rtacha yoshi 50 yoshdan oshgan va oliy ma’lumotga ega emas;
  • kam ta’minlangan oilalarda 11 foiz oila boshlig‘i ishsiz;
  • oilalarning 93 foizi oliy ma’lumotga ega emas, atigi 24 foizi maxsus o‘rta ma’lumotga ega;
  • kam ta’minlangan oilaning 43 foizi doimiy ish joyiga ega emas, 11 foizi esa ishsiz deb hisoblanadi.

Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning:

  • 93 foizi markaziy isitish tizimiga ulanmagan;
  • 96 foizi markaziy kanalizasiya tizimidan foydalana olmaydi;
  • 66 foizi markaziy suv ta’minotiga ulanmagan.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!