O‘zbekistonda davlat amaldorlarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlanadi

O‘zbekistonda davlat amaldorlarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlanadi

O‘zbekistonda muayyan toifadagi davlat amaldorlarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlanishi, manfaatlar to‘qnashuvi bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinishi, bunga yo‘l qo‘yganlar mahkamaga tortilishi belgilanmoqda. Tegishli takliflar prezident qarori loyihasida aks etgan. Bu haqda "Kun" nashri yozmoqda.

O‘zbekistonda davlat xaridlari va manfaatlar to‘qnashuviga oid muhim normalar qonunchilikka kiritilishi kutilmoqda.

Bu – 23 iyun kuni e’lon qilingan prezident farmoni va qarori loyihalarida ko‘zda tutilgan

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvarga qadar “Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Xuddi shu muddatda hukumatga kiritiladigan boshqa bir qonun loyihasida esa davlat xaridlari, soliq imtiyozlari, yer ajratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutiladi.

2021 yil 1 oktyabrga qadar, quyidagilarga oid takliflar Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi:

  • tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlangan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari va xodimlari ro‘yxati;
  • korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish;
  • davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishini cheklash.

Davlat xaridlari portalida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq xavflarning oldini olish bo‘yicha quyidagi ma’lumotlarni qayta ishlovchi avtomatlashtirilgan tizimni ishga tushirish mo‘ljallanmoqda:

  • qatnashchining davlat xaridlaridagi ishtiroki tarixi (mahsulot, xizmat yetkazib beruvchining ilgari ishtirok etgan tanlovlari, bajargan ishlari);
  • qatnashchining benefisiarlari haqidagi ma’lumotlar;
  • buyurtmachi va ishtirokchi o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqliklar (qarindoshlik, birga ta’lim olganlik, mehnat faoliyati yoki biznes aloqalari va boshqalar haqidagi ma’lumotlar).

Avtomatlashtirilgan tizim orqali manfaatlar to‘qnashuvi aniqlangan hollarda, xarid jarayoniga da’vogarning ishtiroki avtomatik cheklanishi mumkin.

O‘zbekistonda benefisiarlar reestrini yuritish ham mo‘ljallanmoqda. Bu boradagi takliflar 2021 yil 1 noyabrgacha hukumatga kiritiladi.

Bundan tashqari, davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali ma’lumotlari asosida davlat xaridlari monitoringini yuritish va uning natijalari bo‘yicha har oylik ma’lumotlarni keyingi oyning 15-sanasiga qadar rasmiy veb-saytda e’lon qilib borish rejalashtirilmoqda.

E’lon qilib boriladigan har oylik ma’lumotlarni batafsil o‘rgangan holda, keyingi oyning 30-sanasiga qadar manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiya alomatlari mavjudligi bo‘yicha xulosa ham veb-saytlarga joylashtirilishi mumkin.

Farmon loyihasida belgilangan ta’rifga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi deganda “qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan lavozimni egallab turgan shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini ob’ektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki shunday ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar” tushuniladi.

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlar va ularning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rmaganlarga javobgarlik belgilanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda, shartnoma, buyruq va boshqa hujjatlarni to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolati beriladi.

2021 yil 1 avgystdan boshlab, davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlov)larning natijalari majburiy tarzda ochiq e’lon qilinishi mumkin.

Davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda aks ettirilishi lozim bo‘lgan korrupsiyaga qarshi shartlar ishlab chiqiladi, tender (tanlov) shaklida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida hamkorlarni tekshirish tartibi belgilanadi.

Davlat xaridlari portalida shikoyatlarni elektron yuborish mumkin bo‘ladi. Ularni Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya ko‘rib chiqadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!