O‘zbekistonda bog‘cha tizimi xodimlarining oylik maoshlari bosqichma-bosqich oshiriladi — prezident

O‘zbekistonda bog‘cha tizimi xodimlarining oylik maoshlari bosqichma-bosqich oshiriladi — prezident

O‘zbekistonda maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi. Bu haqda ayni paytda O‘zLiDePning X qurultoyida nutq so‘zlayotgan Shavkat Mirziyoyev qayd etdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, buning uchun qo‘shimcha ravishda 7 mingdan ziyod yangi bog‘cha tashkil etiladi. 2024 yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalar maktabgacha tayyorlov tizimi bilan to‘liq qamrab olinadi.

Ushbu tadbirlar hisobidan kelgusi besh yilda tizimda 45 mingdan ortiq xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Bog‘cha tizimi xodimlarining oylik maoshlari ham bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Shuningdek, maktab ta’limi tizimi uchun o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ishlanib, 2026 yilga qadar amalda joriy etiladi. O‘qituvchilar mehnatini munosib qadrlash borasidagi ishlar davom ettiriladi.

Bolalar soni o‘sib borayotganini inobatga olib, yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni ko‘paytirish, ta’lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturi ishlab chiqiladi. Shu asosda kelgusi besh yilda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish uchun maktablar rekonstruksiya qilinadi va yangidan barpo etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!