O‘zbekiston va Yaponiya futbol assosiasiyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Yaponiya futbol assosiasiyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston va Yaponiya futbol assosiasiyalari rahbariyati o‘rtasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida ikki mamlakat o‘rtasida futbolni rivojlantirish borasidagi harakatlar yangi bosqichga chiqqanligi qayd etildi. Yaponiya futboli xalqaro maydonda ham o‘z nufuziga ega ekanligi, mamlakatda bolalar futbolining darajasi hamda yapon mutaxassislarining o‘z ishiga professional va talabchanligi e’tirof etildi.

«Oxirgi yillarda Yaponiya bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Xususan, sport tibbiyoti yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ilmiy aloqalar o‘rnatilgan. Yaponiyalik mutaxassislar ayollar terma jamoamizda faoliyat yuritmoqda, shuningdek, yapon mutaxassislari o‘zbekistonlik shifokorlar bilan o‘zaro tajriba almashib kelmoqdalar. Bundan tashqari, turli yoshdagi terma jamoalar, xususan, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Yaponiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda. O‘z navbatida, Yaponiya yoshlar terma jamoasi ham yurtimizda o‘tkazilgan turnirda qatnashdi. Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Kelgusida ham shu kabi o‘yinlarni davomiy tashkillashtirib borish maqsad qilingan», — dedi Ravshan Ermatov.

O‘z navbatida, Yaponiya futbol assosiasiyasi rahbari Kodzo Tashima O‘zbekiston bilan ikki tomonlama do‘stlik va hamkorlik aloqalaridan mamnun ekanligini aytib, yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Kun tartibiga ko‘ra, futbolni rivojlantirish va ommalashtirish yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, terma jamoalar o‘rtasida xalqaro musobaqalarni tashkil etish, sport tibbiyoti va futbol mutaxassislarini qayta tayyorlash va o‘zaro tajriba almashish, assosiasiyalar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida memorandum imzolandi. Hujjatda mashg‘ulotlar va o‘yinlar davomida futbolchilarning jismoniy holatini tahlil qilish yo‘nalishi, shuningdek, sport tibbiyoti, jarohatlarning oldini olish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish ko‘zda tutilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!