O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi iqtisodiy-investision hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi iqtisodiy-investision hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Shu yilning 4-5 oktyabr kunlari Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.

Bu galgi tashrif ikki birodar xalqlarning samimiy istak va intilishlarini, o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorlik yo‘lidan borish niyatini ifodalaydi. Shu bilan birgalikda, davlatlarimiz o‘rtasidagi Strategik sheriklik yangi, yanada salmoqli amaliy mazmun bilan boyidi.

Muzokaralar davomida davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkmaniston ko‘p qirrali hamkorligida mavjud masalalarning butun doirasini muhokama qilib, konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sheriklikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Bundan tashqari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Tashrif yakunida ikki mamlakat Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinib, ko‘p qirrali sheriklikni jadallashtirishga qaratilgan 23 hujjat va shartnomalar imzolandi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi 4 yilda ikkitomonlama tashriflar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar sammitlari doirasida davlatlarimiz rahbarlari 8 marotaba uchrashishdi. Bundan tashqari dolzarb ahamiyatga ega mavzular doirasida muntazam ravishda telefon orqali muzokaralar o‘tkazish an’anaga aylandi. Ushbu jarayonlar, shubhasiz, tarixan shakllangan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, madaniy va ma’naviy an’analar umumiyligiga asoslangan davlatlararo munosabatlarning jadal rivojlanishining yorqin dalilidir.

Muloqotlar asosi

Diplomatik aloqalar o‘rnatilgan 1992 yildan buyon ikki mamlakat o‘rtasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajada 250 ga yakin shartnoma hamda kelishuvlar mavjud.

Shulardan 50 tadan ortig‘i (25%) so‘nggi 4 yil davomida davomida imzolangan. Bu hujjatlar hamkorlikning barcha muhim yo‘nalishlarini qamrab oldi hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda birgalikdagi harakatlarni mustahkamlash uchun asosga aylangan.

E’tiborli jihati shundaki, o‘tgan qisqa davr mobaynida ikki davlat o‘rtasida strategik sherikchilik darajasiga ko‘tarildi. O‘zaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqot, hamkorlikni barcha jabhalarini qamrab olgan salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynamoqda.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi iqtisodiy-investision hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Xususan, so‘nggi yillarda tovar aylanmasi hajmi shiddat bilan o‘smoqda. Jumladan, 2017-2020 yillarda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari uch barobarga ko‘payib, 527 million dollardan oshdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, 2021 yilning birinchi yarim yilligida o‘zaro savdo aylanmasi yana 25% ortdi.

Aytish lozimki, davlat rahbarlari ushbu ko‘rsatkichda to‘xtab qolmaslik kerakligini alohida ta’kidlashmoqda. O‘zaro savdo-sotiq jarayonini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, mavjud tarif va notarif to‘siqlarni bekor qilish hamda ikki mamlakat bozorlariga tovarlarning kirishini soddalashtirish orqali yaqin kelajakda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha Prezidentlar tomonidan ikki mamlakat hukumatlari oldiga vazifa qo‘yildi.

Xususan, bo‘lib o‘tgan tashrif doirasida imzolangan Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, uchinchi mamlakatlarda kelayotgan importning o‘rnini O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilayotgan va ikki mamlakat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan bosishga doir kelishuv o‘zaro savdoni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Bu borada ikki mamlakat hududlaridagi imkoniyatlarni yanada to‘liq ishga solish maqsadida hamkorlikning yangi mexanizmi – Chegaradosh viloyatlar o‘rtasidagi bevosita muloqot hamda muntazam ravishda O‘zbekiston va Turkmaniston hududlararo forumni o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bu iqtisodiy hamkorlikni o‘stirishning yangi drayveri bo‘lib xizmat qilishi aniq. Bunday formatdagi ilk uchrashuv kelgusi yilda Xivada o‘tkazishga kelishildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Turkmaniston tomonidan O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga talab yuqori. Jumladan, Turkmaniston ommaviy axborot vositali ma’lumotlariga ko‘ra, tashrifga tayyorgarlik jarayonida Turkmaniston hukumati o‘z korxonalaridan 307 million dollardan ortiq O‘zbekiston mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzish takliflarini bergan.

E’tiborli jihati shundaki, tashrif doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi va tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmasevtika sanoati, vinochilik, avtomobilsozlik hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qator investisiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari

O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlarining iqtisodiy sohada rivojlanishining yana bir muhim jihati bu – samarali sanoat kooperasiyasi rivojlantirish va uzluksiz qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga bo‘lgan qiziqishdir. So‘nggi 4 yil mobaynida O‘zbekistonda Turkmaniston ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 9 tadan 160 taga yetdi.

Ushbu tashrif davomida sanoat kooperasiyasi va ishlab chiqarishda eng ko‘p qamrovli yo‘nalishlardan biri hisoblanadigan avtomobilsozlik sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi bilan tarixda qoladi. Jumladan, “O‘zavtosanoat” va “Turkman-Motors” o‘rtasida memorandum imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, “UzAuto Motors” avtomobillari Turkmanistonda yig‘ilishi, hamda butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish va ularni eksport qilishni ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari boshqa transport vositalari – yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi va tirkamalar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishildi.

Ushbu qo‘shma karxona birinchi yili 10 ming donagacha qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni rejalashtirgan va kelgusi 5 yil davomida 50 ming donagacha yetkazish kutilmoqda.

Eng muhi jihati shundaki, bu boradagi hamkorlik yangi ish o‘rinlarini yaratish, yalpi ichki maxsulot tarkibida sanoat ulushini oshirish, eksport bozorlariga chiqish va aholini sifatli avtomobillar bilan ta’minlash imkonini beradi.

Muxtasar qilib aytganda, bugun ikki mamlakat rahbarlari ko‘p tomonlama strategik sherikchilikni izchillik bilan rivojlantirish va mustahkamlash uchun qat’iy xohish, shuningdek, yangi marralarni yelkama-elka turib zabt qilishga bo‘lgan intilishni namoyon etmoqdalar. Shubhasiz, ikki davlat tomonidan iqtisodiy va savdo aloqalarini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu esa eng avvalo, Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, qardosh o‘zbek va turkman xalqlarining farovon hayot kechirishini ta’minlash maqsadida do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirishda muhim o‘ringa egadir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi Allaberganov Qahramon


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!