O‘zbekiston–Janubiy Koreya universiteti tashkil etiladi

O‘zbekiston–Janubiy Koreya universiteti tashkil etiladi

Nurafshon shahar hokimi Muzaffar Soliyev, Janubiy Koreyaning lift xavfsizligi jamg‘armasi raisi Shin Yun Xvan va Lift sanoati universiteti departamenti boshlig‘i Ko Yong Jun o‘rtasida videokonferensiya orqali muzokaralar tashkil etildi. Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda Nurafshon shahrida qo‘shma universitet tashkil etish, lift sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni boshlash masalasi muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabarida ma’lum qilingan.
Iyul oyida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Lift xavfsizligi jamg‘armasini jalb qilgan holda Janubiy Koreya lift sanoati universiteti O‘zbekiston tomoni bilan uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida takliflar tayyorladi.

Janubiy Koreya vakillari lift sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun qo‘shma ta’lim muassasasini yaratishga tayyor. Ushbu sohada kadrlarga bo‘lgan talab darajasini hisobga olgan holda, muhandislar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazlari tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, janubiy koreyalik hamkorlar monitoring o‘tkazish, liftlarning xavfsizligi va yuqori darajada ishlashini ta’minlash sohasidagi qonunchilik bazasi va milliy standartlarni takomillashtirishda bevosita ishtirok etadi.

Ushbu yo‘nalishlardagi o‘zaro sa’y-harakatlar onlayn tarzda imzolangan o‘zaro Anglashuv memorandumi uchun asos bo‘ldi.

Barcha kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Nurafshon shahri hokimi janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va tasdiqlashni taklif etdi.

Uchrashuv so‘nggida janubiy koreyalik hamkorlar Nurafshon shahar hokimi taklifiga binoan oktyabr oyida O‘zbekistonga amaliy safar bilan kelish rejasini ma’lum qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!