O‘zbekiston hududlaridagi iqtisodiy o‘sishning omillarga asoslangan tahlili

O‘zbekiston hududlaridagi iqtisodiy o‘sishning omillarga asoslangan tahlili

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari O‘zbekistonda transformasiya jarayonining mohiyati va mamlakat rivojlanishining hududiy xususiyatlarini aniqlash maqsadida hududlardagi iqtisodiy o‘sishni omillarga asoslangan holda tahlil qildi.
Tadqiqotda Jahon Banki tomonidan ishlab chiqilgan JoGG (Job Generation and Growth Decomposition) dekompozision tahlil vositasidan foydalanildi.

Tahlilning bu vositasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha mehnat unumdorligi va bandlik sohasidagi o‘zgarishlar YAIM (YAHM) ning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushiga qanday ta’sir qilishini baholash imkonini beradi.

Ma’lumot uchun: Dekompozision tahlil usulidan foydalangan holda, Jahon Banki dunyoning turli mamlakatlarida "ishsiz o‘sish"ning sabablarini aniqlab, kambag‘allikni qisqartirish omillarini tahlil qiladi. “Ishsiz o‘sish" (jobless growth) - iqtisodiy o‘sish jarayonida bandlik darajasining pasayishi yoki o‘zgarishsiz qolishini ifodalaydi. Bu atama dastlab 1935 yilda "The New York Times" gazetasida qo‘llanilgan.

Mazkur uslubni O‘zbekiston hududlari uchun qo‘llash ularni rivojlantirishdagi eng muhim tarmoqlar hamda ishsizlik va kambag‘allik darajasini qisqartirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash imkonini beradi.

Tadqiqotda dastlabki ma’lumotlar sifatida mehnat unumdorligi, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida band bo‘lganlar, aholi, jumladan, mehnatga layoqatli aholi soni kabi ko‘rsatkichlar tanlab olindi. Baholash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri bo‘yicha 2018-2021 yillar uchun amalga oshirildi.

Natijalarga ko‘ra, Toshkent, Namangan, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiy o‘sish mamlakat hududlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (111,0%) yuqori bo‘lgan. Qolgan 6 ta hudud mo‘’tadil rivojlanish darajasi bilan ajralib turadi (105,9-110,8%).

Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotining asosiy tarmog‘i (YAHMdagi ulushi 35,0-54,0%) bo‘lgan Namangan, Jizzax, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda mehnat unumdorligi hamda aholi bandlik darajasining ortishi kuzatilgan. Bu esa hududlarda iqtisodiyotni rivojlantirish yangi ishlab chiqarish quvvatlarini (yoqilg‘i-energetika, elektrotexnika, farmasevtika sanoati, xizmat ko‘rsatish, qurilish) barpo etish va samarali ish o‘rinlarini yaratish orqali amalga oshirilganidan dalolat beradi.

Shuningdek, tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, Toshkent va Navoiy viloyatlari kabi yuqori salohiyatli hududlarda (YAHM ning aholi jon boshi ulushi respublika parametridan 1,3-2,8 baravar yuqori) iqtisodiy o‘sish asosan hududlarning raqobatbardosh ustunligini (metallurgiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi) shakllantiruvchi mavjud bazaviy ishlab chiqarishning rivojlanishi hisobiga ro‘y bergan. Ushbu hududlar yuqori samarali faoliyat turlari, asosan xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalariga ixtisoslashgani bilan ajralib turadi.

Iqtisodiy o‘sishning nisbatan past darajasi aholi zich joylashgan Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan (2018-2021 yillarda YAHMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushi o‘sishi 7-8% dan past). Ushbu holat 2019-2021 yillarda butun dunyoda yuzaga kelgan beqaror vaziyat sababli ishlab chiqarishning biroz pasayishi (masalan, avtomobilsozlik va neft-kimyo sanoati, qurilish) oqibatida yuzaga kelgan.

Tadqiqot natijasida PMTI ekspertlari tomonidan hududlarning mutanosib iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiluvchi yuqori samarali tarmoqlar aniqlandi:
✔️ xizmat ko‘rsatish sohasida - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand viloyati va Toshkent shahri;
✔️ qurilish sohasida - Toshkent shahri, Namangan viloyati;
✔️ sanoat sohasida - Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari;
✔️ qishloq xo‘jaligi sohasida - Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!