O‘zbekiston fan arbobi, akademik, professor, yirik adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarov vafot etdi

O‘zbekiston fan arbobi, akademik, professor, yirik adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarov vafot etdi

Bugun O‘zbekiston fan arbobi, akademik, professor, yirik adabiyotshunos olim, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Baxtiyor Nazarov 77 yoshida vafot etdi.

Baxtiyor Nazarov 1945 yilning 17 sentyabrida Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1966 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ni tamomlagan.

U Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib (1969−1972; 1979–1983 yillar), direktor (1986−1990 yillar), bo‘lim mudiri (1990 yildan), O‘zFA Bosh ilmiy kotibi o‘rinbosari (1973−1979 yillar), vise-prezident vazifasini bajaruvchi (1999−2000 yillar) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi (1990−1992 yillar), oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari (1992−1994 yillar), «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalining bosh muharriri (1986−1994 yillar) sifatida ishlagan.

Baxtiyor Nazarov XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti, tanqidchilik va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari bo‘yicha salmoqli ilmiy ishlar qilgan. U o‘z tadqiqotlarida Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov kabi adiblarning ijodiy merosini o‘rgangan. Oybekning 20 jildli «Mukammal asarlar» to‘plami, uch jildli Shekspir asarlari, «Imom Buxoriy va uning dunyo madaniyatida tutgan o‘rni» kabi ko‘plab kitoblarni nashrga tayyorlashda qatnashgan.

Saytimiz jamoasi Baxtiyor Nazarovning vafoti munosabati bilan olimning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!