O‘zbekiston eng yaxshi pensiya tizimiga ega davlatlar reytingidan o‘rin ololmadi

O‘zbekiston eng yaxshi pensiya tizimiga ega davlatlar reytingidan o‘rin ololmadi

Tahlilchilar eng yaxshi va yomon pensiya tizimiga ega mamlakatlar reytingini tuzdi, deb xabar bermoqda Forbes. Reyting Mercer va CFA Institute konsalting kompaniyasi tomonidan tuzilgan bo‘lib, unda dunyoning 39 ta davlati o‘rin olgan. Reyting mezoni va natijalari Bloomberg tomonidan taqdim etilgan.

Reytingning dastlabki ikki pog‘onasini bir necha yildan buyon yetakchilik mavqeyini saqlab kelayotgan Gollandiya va Daniya egalladi. Tahlilchilar ushbu ikki mamlakat hukumatlarini inqiroz paytida aholisi pensiya jamg‘armasidan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaganini maqtovga loyiq deb topgan. Chunki bu pensiyaga chiqqanidan keyin ularning ahvolini yomonlashtirishi mumkin edi.

O‘z navbatida, Avstraliya va Chili aholisiga o‘zlarining jamg‘armalaridan muddatidan oldin foydalanishga ruxsat berilgan. Mercer va CFA Institute ekspertlarining fikricha, «bu qisqa muddatda fuqarolarning moliyaviy ahvolini yaxshilashi mumkin, ammo kelajakda ularning jamg‘armasini xavf ostiga qo‘yadi» va «ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga ta’sir ko‘rsatadigan salbiy oqibatlarga olib keladi».

AQSh pensiya tizimi reytingning 12-pog‘onasidan o‘rin olgan. Mualliflarning qayd etishicha, AQSh pensiya tizimi ijobiy jihatlar bilan birga bartaraf etilishi lozim bo‘lgan jiddiy xavf va kamchiliklarga ham ega. Tadqiqotchilar mamlakat rasmiylariga kam ta’minlangan nafaqaxo‘rlarga pensiya miqdorini oshirishni va ijtimoiy ta’minot uchun mablag‘larni ko‘paytirishni tavsiya qilgan.

Yaponiya pensiya tizimi «bartaraf etilishi kerak bo‘lgan jiddiy kamchiliklar borligi tufayli 32-pog‘onadan o‘rin olgan. Tahlilchilar Yaponiya hukumatiga pensiya yoshini oshirishni maslahat bergan, chunki mamlakatda umr ko‘rish davomiyligi oshib bormoqda.

Reytingning oxirgi o‘rinlaridan joy olgan Tailand va Argentinaga esa mutaxassislar aholining kambag‘al qatlamini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishni va xususiy pensiya jamg‘armalarini boshqarishni takomillashtirishni tavsiya etgan.

Tahlilchilarning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi sharoitida mamlakatlarning yarmidan ko‘pi o‘tgan yilga qaraganda salbiy natija qayd etgan. Jahon tanazzuli aksariyat davlatlarda pensiya to‘lovlari va investisiyalardan tushadigan foydaning kamayishi hamda davlat qarzlarining ko‘payishiga olib keldi.

«Bu pensiyalar kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa ayrim kishilarning yana bir necha yil uzoqroq ishlashiga to‘g‘ri kelishini, boshqalarga esa pensiyaga chiqqanidan so‘ng pastroq darajadagi hayot tarziga ko‘nikib yashashga to‘g‘ri kelishini anglatadi», — degan reyting muallifidan biri bo‘lgan Devid Noks. «Biz haqiqatdan ham borgan sari faqat o‘zimizga tayanishimiz kerak bo‘ladi», — deb qo‘shimcha qilgan u.

Ushbu reytingda O‘zbekiston, umuman olganda, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi pensiya tizimi ko‘rib chiqilmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!