O‘zbekiston Ekologik partiyasi qo‘ng‘ir ayiq mojarosi bo‘yicha munosabat bildirdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi qo‘ng‘ir ayiq mojarosi bo‘yicha munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi ruxsati bilan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq rossiyalik ovchi tomonidan o‘ldirilgani haqida tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
       Ona tabiatning ajralmas qismi bo‘lmish hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, asrab-avaylash va rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish barchamizning burchimizdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 50-moddasiga muvofiq, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar. 
       Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni (2016 yil 19 sentyabr, O‘RQ-408-son) 17-moddasida kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini muhofaza qilish belgilangan. Unga muvofiq, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlarning turlari nobud bo‘lishiga, soni kamayib ketishiga yoki yashash muhiti buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarga (harakatsizlikka) yo‘l qo‘yilmaydi.
       Shu bilan birga, mazkur qonunning 19-moddasiga asosan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olish tartibi belgilangan. Jumladan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini:
       maxsus yaratilgan sharoitlarda ko‘paytirish va keyinchalik tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborish maqsadida;
       ilmiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun;
       qonun hujjatlariga muvofiq alohida zarur bo‘lgan hollarda tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.
       O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuni (2020 yil 8 iyul, O‘RQ-627-son) 30-moddasiga muvofiq, kamyob va yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olish alohida tartibda yo‘l qo‘yilishi mumkinligi belgilangan.
       Bugungi kunda amaldagi tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-son qarori hamda ushbu qarorga 2-ilova “Hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan belgilangan.
       Ushbu Nizomga muvofiq, qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvon turlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kelishuviga asosan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan rasmiylashtiriladi. Shuningdek, kamyob va yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga qaysi hollarda ruxsat berilishi aniq belgilanmagan.
       Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan o‘simlik va xayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish va ularga ruxsat berish to‘g‘risidagi nizomlar amaldagi qonun xujjatlari talablari asosida qayta ko‘rib chiqilishi;
       Qonun hujjatlariga muvofiq alohida zarur bo‘lgan hollarda, kamyob va yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga ruxsat berish mezonlarini (jumladan, aholi sog‘ligi va xavfsizligiga tahdid, boshqa hollarda) aniq belgilanishi;
       O‘simlik va xayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanishga doir ruxsatnomalarni rasmiylashtirishni shaffoflikni ta’minlagan holda, elektron shaklda Davlat ekologiya qo‘mitasining axborot tizimlariga qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari va Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Matbuot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!