Uzbekistan GTL bosh direktori izohi: «Ishchilarimiz uzoq vaqt qurilish maydonida qolib ketgani uchun ularda ruhiy toliqish bo‘lgan»

Uzbekistan GTL bosh direktori izohi: «Ishchilarimiz uzoq vaqt qurilish maydonida qolib ketgani uchun ularda ruhiy toliqish bo‘lgan»

Uzbekistan GTL MCHJ bosh direktori Faxriddin Abdurasulov to‘polon ko‘targan ishchilar masalasiga to‘xtalib o‘tib, karantin sabab ularning ish kuni ortib, dam olish kuni o‘zgarishsiz qolgani sabab ishchilarda ruhiy toliqish bo‘lganini ma’lum qildi, deya xabar berdi «Daryo» muxbiri.

Ta’kidlanishicha, 24 oktyabr kuni ishchilari to‘polon ko‘targan Uzbekistan GTL zavodida Energetika vazirligi tomonidan press-tur tashkil etilgan. Unda jurnalist va blogerlar bilan muloqot qilgan Uzbekistan GTL zavodi bosh direktori Faxriddin Abdurasulov to‘polon ko‘targan ishchilar voqeasiga munosabat bildirgan

«Karantin joriy qilingani uchun odamlarimiz sog‘lig‘ini o‘yladik. Ishchilarimizga karantin talablaridan kelib chiqib, bir marta test topshirishgach uyga ketmasdan, ko‘proq ishlash talabini qo‘ydik. Shu bois odamlarimiz uzoq muddat qurilish maydonida qolib ketdi. Bu esa ularda ruhiy toliqishni keltirib chiqardi. Qolaversa, bir vaqtning o‘zida 12 ming kishini bir joyda ushlab turish judayam katta mas’uliyat talab etadi. Ish jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi ham tayin. Ammo biz hududimizda 2020 yil 7 iyul kuni koronavirus aniqlangani uchun hushyor bo‘lishga harakat qildik. Shuningdek, loyihani o‘z vaqtida bajarish uchun ishchilarimizdan ko‘proq ishlashni talab qilganimiz ham bor gap. Shu sabab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ammo bugungi kunga kelib, xato-kamchiliklar bartaraf etildi», — deydi Faxriddin Abdurasulov

Faxriddin Abdurasulovning aniqlik kiritishicha, zavod qurilishida bir vaqtning o‘zida 8 ming ishchi ishlashi belgilangan. Biroq karantin sabab ishlar sustlashgani uchun mas’ullar bir vaqtning o‘zida 12 ming ishchi kuchidan foydalanishga harakat qilgan. Shuningdek, ilgari 22 kun ishlab, 8 kun dam olgan ishchilar rahbariyat talabi bilan 45 kun ishlab, 8 kun dam olish rejimiga o‘tgan.

«Biz 45 kunlik ish va 8 kunlik dam olish tartibini joriy qilganimizda ham ishchilarning xohishiga e’tibor qaratganmiz. Ularga vaziyatni tushuntirib, koronavirusga bir marotaba test topshirgach 45 kun ishlab, ko‘proq pul olishlarini taklif qilganmiz. Agar ular xohlasagina, 45 kun ishlashgan. Xohlamasa, uyiga qaytishlari mumkin bo‘lgan», — deydi mas’ullar jurnalist va blogerlar bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlar va Telegram’dagi ommabop kanallarda 21 oktyabr kuni Enter Engineering kompaniyasining Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi ob’ektlaridan biridagi ishchilarning noroziligi aks etgan videoyozuvlar tarqaldi. Holatni izohlagan Enter Engineering kompaniyasi matbuot xizmati ishchilar noroziligiga nonushta o‘z vaqtida berilmagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Energetika vazirligi Uzbekistan GTL’dagi vaziyat barqarorlashganini, barcha muammo va masalalar joyida ijobiy hal etilganini xabar qildi. Zavod mas’uli Shuhrat Arziyev esa OAV vakillari bilan muloqotda Uzbekistan GTL zavodi qurilishidagi ishchilarining ommaviy noroziligiga ularning ish kuni ko‘payib, dam olish kuni o‘zgarishsiz qolgani ham sabab bo‘lganini ochiqladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!