O‘zbek-qirg‘iz mojarosidan kim manfaatdor?

O‘zbek-qirg‘iz mojarosidan kim manfaatdor?

Internetda So‘xda bo‘lgan etnik nizolar haqida o‘qirkanman, odamlarning munosabatiga qiziqib, xabar ostidagi mohazalarni ko‘zdan kechirdim. 

"O‘zi qirg‘izlar shunday millat" deydi biri. "Bular o‘zi ozchilik, hammaga sakraydi" deydi boshqasi. 

Ba’zilar O‘zbekiston tomondagilarni ayblagan, haa ana insoflilar deysizmi, yo‘q, bunday deb ayblagan:

"O‘zi So‘xda (O‘zbekiston tomonda ya’ni) tojiklar yashaydi, tojiklar shunaqa bo‘ladi..."

Aslida biz ham, qo‘shnilarimiz ham qon-qoniga singib ketgan millatchimiz. 

Maqollarimizni qarang:

"Tojikdan do‘sting bo‘lsa, yoningda oyboltang bo‘lsin."

"Tatar bor joyda xatar bor". 

Andijon tomonlarda birovga dovdirmisan degan ma’noda "qirg‘izmisan" deyishsa, 

Toshkentda "qozoqmisan" deyishadi. 

Hatto Madinada o‘qiydigan tuppa-tuzuk ilmli yigitlar qora tanlilarni "qoravoylar" deb ataydilar. Qarovoylar sassiq bo‘ladi, hindlar sassiq bo‘ladi kabi gaplarniyam juda ko‘p eshitganman. 

O‘ylaymanki, johiliyatdan qolgan bunday jirkanch xulqlardan voz kechib, kishilarga Allohning o‘lchovlari bilan baho berishni o‘rganishimiz lozim. 

Alloh Taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُم مِّن ذَكَرٍ وَأُنثَىٰ وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِندَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ ۚ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرا
 الحجرات : 1

"Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir. "

O‘zi aql va sog‘lom vijdon ham shunga buyuradi. O‘ylab ko‘ring, oq yoki qora, o‘zbek yoki qirg‘iz bo‘lib tug‘ilish bizning tanlovimiz yoki mehnatimiz bilan bo‘lmagan. 

Odamlarni ular mehnat qilib erishgan narsalar uchun hurmat qilish aql taqozosi emasmi?!

Endi kimda-kim men o‘zbek bo‘lganim uchun qirg‘iz yoki qozoqdan yaxshiroqman, desa, u Iblisning dinida bo‘ladi. Zero Iblis aytdi:

أَنَا خَيْرٌ مِّنْهُ خَلَقْتَنِي مِن نَّارٍ وَخَلَقْتَهُ مِن طِينٍ

 [الأعراف : 12]

«Men undan yaxshiman. Meni olovdan yaratgansan. Uni loydan yaratgansan»

Shunday ekan, Allohga qaytaylik. Alloh iymon nuri uchun tanlagan har qanday mo‘minni yaxshi ko‘rishni o‘rganaylik. 

Agar birov yuqoridagidek maqol va iboralar bilan millatchilik qilsa, sen shaytonning diniga qarab yurma, Allohning dinida iymon egalarini sevishga buyurilganmiz, deylik.

Men muammoni avvalo o‘zimizdan qidiraylik deganim bejiz emas. Etnik nizolar va millatlararo nafratni muolaja etishning sinalgan va balki yagona yo‘li shuki, har bir tomonning ziyolilari o‘zlarining toifasini, o‘zlarining millatini tinchlantirishga urinishi, muhabbat va do‘stlikka undashi kerak. Sababi, narigi tomon sizni eshitmaydi. 

Gandi "musulmonlar qirg‘ini to‘xtamasa, ovqat yemayman" deb ochlik e’lon qilganida, ekstremist hindlar, nega musulmonlar yerlaridagi hindlarni himoya qilmaysan, ularga to‘xtashni buyurmaysan, deyishadi. 

Shunda u aytadi: "men bu yerda musulmonni himoya qilib, nizoni tugatsam, ular o‘z yerlarida hindlarni himoya qilib, nizolarni tugatishadi". 

Men Gandining shaxsiyati va yaxshi-yomon tomonlari muhokamasiga kirmoqchi emasman. Biroq ayni voqeadan ibrat olsa bo‘ladi. 

Alloh bizlarni bir-birimizga muhabbatli qilsin! 

Posululloh sollallohu alayhi vasallamning atrofida bo‘lganlarga Qur’onda  berilgan mana bu go‘zal vafslarga bizlarni ham munosib qilsin:

مُّحَمَّدٌ رَّسُولُ اللَّهِ ۚ وَالَّذِينَ مَعَهُ أَشِدَّاءُ عَلَى الْكُفَّارِ رُحَمَاءُ بَيْنَهُمْ ۖ 

"Muhammad Allohning Rasulidir. U bilan birga bo‘lganlar kofirlarga shiddatli, o‘zaro rahmdildirlar."

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!