UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi qo‘mitani OAVga bosim o‘tkazishga harakat qilayotganlikda aybladi

UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi qo‘mitani OAVga bosim o‘tkazishga harakat qilayotganlikda aybladi


21 oktyabr kuni UzAuto Motors kompaniyasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ) o‘rtasidagi sud jarayonini yoritayotgan OAVga bosim o‘tkazilayotganidan tashvishda ekanini ma’lum qildi. Avto ishlab chiqaruvchi matbuot xizmatining xabar berishicha, kompaniya ayrim amaldorlarning jurnalistlarga nisbatan senzura va cheklovlardek xato amaliyotga intilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi deb hisoblaydi.

«Toshkent shahar ma’muriy sudida ko‘rilayotgan ishning so‘nggi sud majlisidan keyin sudda javobgar sifatida ishtirok etayotgan tomon ommaviy chiqish qilib, UzAuto Motorsni go‘yoki biz «buzayotgan axloq me’yorlari»ga rioya etishga chaqirdilar. Qarangki, kompaniyaning MQKQga nisbatan da’vosi yuzasidan borayotgan ishni to‘liq va shaffof yoritishga bo‘lgan tabiiy intilishimiz javobgar tomonda xavotirni uyg‘otayotgan ekan. Yana shu darajada ekanki, ular ochiq-oydin «qo‘mitaga nisbatan da’volarimizga tegishli barcha narsani faqatgina sud muhokamasi doirasida gapirish va sharhlashimiz» kerakligiga ishora qilishgan. Mohiyatan, bu biz uchun ochiq bahs-munozara, shuningdek xolis raqamlar va faktlarni ommaga e’lon qilish hammaga ham yoqavermasligi haqida birinchi signal bo‘ldi», — deya ta’kidlagan «UzAuto Motors» AJ yuridik boshqarmasi direktori Rustam Shaymardonov.

Bundan tashqari, Rustam Shaymardonov: «Afsuski, ish qo‘mitaning ommaviy axborot vositalari bilan muloqotni qisqartirishga chaqirig‘i bilan tugab qo‘ya qolmadi. Ishonchli manbalardan bizga ma’lum bo‘lishicha, dushanba kuni MQKQ rasmiy vakillari bizning da’voimiz yuzasidan 16 oktyabr kuni o‘tgan uchinchi sud majlisi borishini yoritgan OAVga bosim o‘tkazishga urinib ko‘rganlar», — dedi.

Uning qayd etishicha, qator holatlarda bu urinishlar muvaffaqiyatli bo‘lgan: «Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmatining qat’iy talabidan keyin ayrim OAV xolis ma’lumotlart aks etgan maqolalarni o‘z saytlaridan o‘chirib tashlagan, boshqalari e’lon qilingan matnlardan MQKQni qoniqtirmaydigan qismlarini olib tashlab, o‘zgartirishlar kiritgan».

 

«Mazkur sud ishidagi opponentlarimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 67-moddasining qo‘pol buzilishi faktidan qutilishga urinishlarining oldini olish uchun, biz maqolalar aslining skrinshotlariga ham, shuningdek, matbuotga bosimning boshqa isbotlariga ham ega ekanligimizni aytib qo‘ymoqchiman», — deya o‘z fikrini ifoda etdi.

Shuningdek, kompaniya yuristi hozir gap UzAuto Motors’ning sudda ko‘rilayotgan MQKQga qarshi ishida kim haqli ekanida ham emas, MQKQ vakillari bu jarayon sud zalidan tashqariga chiqib ketishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solayotganini ro‘kach qilgan.

«Mamlakatimizda UzAuto Motors’chalik OAV tomonidan tanqidga uchragan kompaniyalar kam, desam hech kim ajablanmaydi, holbuki ko‘p hollarda bu unchalik ham konstruktiv tanqid bo‘lmagan. Biroq biror marta ham bu biz tomonimizdan o‘zimizga yoqmaydigan maqola yoki uning bir qismini o‘chirib tashlashga urinish uchun bahona bo‘lmagan. Mass-media bilan muloqotning madaniy vositalari bor, ular sharh yoki raddiya berishni ko‘zda tutadi va matbuot xizmatimiz aynan shu uslublardan foydalanadi. Biz Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini ham — tabiiyki, bizning so‘zlarimizni rad etishga dalillari bo‘lsa — jurnalistlar bilan shu tarzda muloqot qilishga chaqiramiz», — deyiladi Kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Jamiyat yuristi MQKQning shanba kunidagi murojaatiga shunday javob bergan: «Davlat organlarining ichki o‘zaro aloqasi kabi to‘qima axloq me’yorlarining hech qaysisi biz uchun jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqotdan ustun bo‘la olmaydi. „Qo‘l sinsa, yeng ichida“ qolishiga chaqiriqlar va iste’molchilarimizni xabardor qilish o‘rtasidagi tanlovda biz doim keyingisini tanlaymiz. Meni aniq tushunishlarini istardim: OAV erkinligi biz uchun hatto u kompaniyamizga qarshi turganda ham mutlaq qadriyat sanaladi, zero bu — kamida voqelik bilan aloqani yo‘qotib qo‘ymaslik va yaxshi tomonga o‘zgarishning yagona yo‘lidir. Biz opponentlarimizga ham bu yondashuvimizdan foydalanishni chin dildan tavsiya qilamiz».

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 16 oktyabr sanasida bo‘lib o‘tgan jamiyat va qo‘mita o‘rtasidagi sudning 3 yig‘ilishidan so‘ng Antimonopoliya qo‘mitasi sukut saqlash «an’anasi»ni buzgan edi. 17 oktyabrda qo‘mita o‘z bayonotida «Shu vaqtga qadar qo‘mita sud jarayoni tafsilotlariga hech qanday izoh bermay kelayotgan edi, chunki «UzAutoMotors» AJ tomonidan keltirilgan har qanday da’vo va shikoyatlariga Qo‘mitaning ekspertlari tomonidan bevosita ish ko‘rilish jarayonida javob berib kelinmoqda», — deya qayd etgandi. O‘shanda qo‘mita UzAuto Motors kompaniyasini davlat organiga nisbatan axloqiy me’yorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chorlagandi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!