UzAuto Motors: mahalliylashtirish sari

UzAuto Motors: mahalliylashtirish sari

2020 yil 29 dekabrdagi hukumat qaroriga muvofiq, UzAuto Motors hozirgi paytda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga katta e’tibor qaratmoqda. Yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish arafasida kompaniya jurnalistlar va blogerlarni Toshkentdagi «UzAuto Motors Powertrain» AJ zavodida jumladan, Tracker-2 uchun ham dvigatellarni mahalliylashtirishga oid olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

UzAuto Motors Powertrain O‘zbekiston bozori, shuningdek, Rossiya, AQSh hamda MDH davlatlariga eksport uchun optimal quvvat va yoqilg‘i sarfini inobatga olgan holda loyihalashtirilgan benzin va bi-yoqilg‘ili(benzin/gaz) B-DOHC (Double Overhead Camshaft) ikkinchi avlod dvigatellarini ishlab chiqarmoqda. Ayni paytda ishchan hajmi 1,2 l va 1,5 l.dan iborat ikki tipdagi dvigatellar ishlab chiqarilmoqda va ular Chevrolet Spark, Chevrolet Cobalt, Chevrolet Lacetti va Chevrolet Nexia3 avtomobillariga o‘rnatilmoqda.

Ayni paytda sanoat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rilayotgan yangi modellar Chevrolet Tracker-2 va Chevrolet Onix uchun dvigatellar aynan UzAuto Motors Powertrain korxonasida ishlab chiqariladi. Yangi modellar uchun dvigatellarni mahalliylashtirish – Respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan avtosanoat tarmog‘i transformasiyasi bo‘yicha belgilangan muhim istiqbolli vazifalardan biridir. Zavod faoliyati mashinalar uchun asosiy butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga qaratilgan va bu esa yangi ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy bozorni zarur ehtiyot qismlar bilan ta’minlash imkonini beradi.

UzAuto Motors Powertrain, shuningdek, krank mili, silindrlar bloki va silindrlar bloki bosh qismi singari dvigatellarning asosiy tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ushbu komponentlarni ishlab chiqarish zavod ishlab chiqarish jarayonining bir qismi sanaladi. Korxona mahsulotlari sifat va GM-GMS (Global Manufacturing System) ishlab chiarish tizimi bo‘yicha jahon talablariga javob beradi.

Kompaniyaning o‘ziga xosligi – u Markaziy Osiyoda alyuminiy silindr bloki bosh qismlarini ishlab chiqaruvchi birinchi va yagona zavod hisoblanadi. Bu chindan ham unikal holat, boisi, quyma va yig‘uv ishlab chiqarish bir hududda birlashtirilgan va bu logistikani sezilarli darajada osonlashtirib, butlovchi qismlar transportirovkasi uchun xarajatlar qisqarishini ta’minlaydi. Kompaniyada 1100 nafarga yaqin odam ishlaydi va zarur holatda xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.

Ayni paytda UzAuto Motors Powertrain’da Chevrolet Tracker-2 Turbo uchun yangi dvigatellarni ishlab chiqarishni joriy etish ustida ish olib borilmoqda – bu maqsadda yangi ishlab chiqarish liniyasi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida silindr blokini alyuminiy quyish hamda metalni qayta ishlash va dvigatellarni yig‘ish ishlari olib boriladi. Hozir liniyani sinovdan o‘tkazish, ishlab chiqarish uchun optimallashtirish va moslashtirish jarayonlari kechmoqda. Yangi liniyaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 190 mingta dvigatelni tashkil etadi va 50% avtomatlashtirilgan bo‘ladi, bu o‘z navbatida dvigatellar yig‘ishda inson omili ko‘rsatkichini sezilarli darajada pasaytiradi.

«Tracker-2 uchun dvigatellar shu yerda yig‘iladi, – deydi «UzAuto Motors Powertrain» dvigatellarni yig‘ish va testdan o‘tkazish muhandislari hamda mehnatni me’yorlashtirish muhandislari menejeri Ravshan Rahmonov. –Chevrolet Tracker-2 Turbo’ni sotuvga chiqarish iyuldan boshlanadi. Prezident qarori bilan oldimizga mahalliylashtirish darajasini oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bu endi ko‘proq avto butlovchi qismlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilishini anglatadi, demak, ularni xorijdan sotib olish zarurati o‘z-o‘zidan barham topadi. Bundan tashqari, yangi ish o‘rinlari yaratiladi».

Chevrolet Tracker-2 krossoveri uch silindrli turbozaryadlovchi dvigatelga ega bo‘lib, bu quvvat agregatining yuqori tejamkorligi va ish samaradorligini ta’minlaydi.

Tracker-2 modeli jihozlari orasida yorug‘lik diodli kunduzgi yurish chiroqlari, uskunalar panelining rangli ekrani, Chevrolet MyLink 8 dyuymli sensor displeyi, 6ta dinamikli audiotizim, multifunksional rul g‘ildiragi, kondisioner, panoramali lyuk, orqa ko‘rish oynalarining elektr muvofiqlashtirilishi va orqa ko‘rish oynalarining istilishi, old va orqa oyna ko‘targichlar ham ko‘zda tutilgan.

UzAuto Motors: mahalliylashtirish sari

UzAuto Motors: mahalliylashtirish sari

UzAuto Motors: mahalliylashtirish sari

UzAuto Motors: mahalliylashtirish sari

UzAuto Motors: mahalliylashtirish sari

Qo‘shimcha tariqasida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston avtomobilsozlik sohasining barcha korxonalari kabi UzAuto Motors Powertrain ham atrof-muhit muhofazasiga alohida e’tibor bilan yondashadi. 2014 yilda kompaniya ekologik menejment tizimini joriy etdi va ISO 14001 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi. 2018 yilda ISO 50001 energetik menejment tizimi joriy etildi va bu quvvat sarfini kamaytirish hamda energiya resurslarini tejashga erishish imkonini berdi. Zavod hududida oqava suvlarni tozalash stansiyasi o‘rnatilgan, u suvni rekord darajadagi past ko‘rstakichlargacha tozalashga yordam beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!