O‘RVI: Bolalarda kasallik qaytalanmasligi uchun qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?

O‘RVI: Bolalarda kasallik qaytalanmasligi uchun qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?

Odatda, kuz-qish mavsumiga xos kasalliklardan ko‘proq bolalar aziyat chekadi. Xususan, o‘tkir respirator virusli infeksiyalarni yuqtirish holatlari ham kichkintoylarda 4-5 barobar ko‘proq uchrashi bejiz emas. Chunki o‘g‘il-qizlarda immunitet kattalarga nisbatan zaifroq shakllangan bo‘ladi.

❗️Eng yomoni, endi xastalikdan tuzalgan bolajonlarning qaytadan shamollab, yana to‘shakka mixlanib qolishi ularning o‘zini ham, ota-onalarini ham holdan toydirishi tabiiy.

Xo‘sh, bunday holatlarning oldini olish uchun qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?

— O‘tkir respirator kasalliklarni chaqiruvchi viruslarning 200 dan ziyod turi aniqlangan, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Do‘stmuhammedova. — Shulardan adenovirus, gripp A bolalar orasida, ayniqsa ko‘p uchraydi.

🩺 Xastalik bir toifa o‘g‘il-qizlarda shunchaki tumov, boshqalarda pastki nafas yo‘llari yallig‘lanishi, yana ba’zilarda esa yo‘tal, harorat ko‘tarilishi kabi belgilar bilan kechadi.

🩻 Oqibatda immuniteti zaif o‘g‘il-qizlarda kasallik og‘ir asoratlar qoldirish xavfi ham mavjud. Masalan, virus yuqori nafas yo‘llari orqali yuqib, bronxit kasalligiga olib kelishi mumkin.

💉 Buyrak, yurak faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor. Eng yomoni, virusli infeksiyalardan so‘ng meningit va meningoensefalit kasalliklari shakllanishi va rivojlanishi mumkin.

🍱 Shu bois, profilaktik choralar muhim. Hammasi, avvalo, sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq. Bola to‘g‘ri ovqatlanishi, o‘z vaqtida uxlashi, jismoniy chiniqishi lozim. Shundagina immunitet mustahkamlanadi.

👩🏻‍🍼Masalan, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘zlari mustaqil ravishda jismoniy mashqlarni bajara olmaydi. Demak, ota-onalari, tarbiyalovchilari ularni chiniqtirishi zarur. Turli uqalash muolajalari ham bu jarayonda juda foydali. Bolaning tanasida qon aylanish tizimi faoliyati yaxshilanadi.

🚫 Jajji bemorlar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi. Lekin ba’zi ota-onalar farzandi shifoxonadan chiqishi bilan uni bog‘chaga, maktabga jo‘natishadi. Aholi gavjum joylarga, mehmonga olib borishadi. Vaholanki, bunday paytda hali organizm to‘liq tiklanmagan bo‘ladi.

‼️Oqibatda avvalgiday quvvatga kirib ulgurmagan bola tashqi muhitda yangi virusga duch kelib, qaytadan kasallanib qolishi mumkin. Shunday ekan, o‘g‘il-qizlarning xastalikni yengil darajada o‘tkazishida ota-onalari, yaqinlari ko‘magi nihoyatda zarur. Bunday paytda yanada e’tiborli bo‘lish talab etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!