Umra: o‘zbekistonlik ziyoratchilarining dastlabki guruhi Saudiya Arabistoniga yetib borishdi

Umra: o‘zbekistonlik ziyoratchilarining dastlabki guruhi Saudiya Arabistoniga yetib borishdi

Kecha, 22 yanvar erta tongda “Umra – 2022” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga yo‘l olishdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Allohga shukr, bugunning o‘zida dastlabki ziyoratchilar Jidda shahriga yetib borishdi. U yerda bir muddat hordiq olgach, zamonaviy avtobuslarda Madina shahriga yo‘l olishdi. Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shahrida barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan mehmonxonaga joylashadilar. Endilikda Masjidu Nabaviy va Ravzai muborakni ziyorat qilishga, yaqinlari tomonidan iltimos qilingan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazishga kirishishadi, insho Alloh.

Ikki yillik tanaffusdan so‘ng boshlangan umra ziyorati barcha mo‘min-musulmon vatandoshlarimizni behad shod etgani, shubhasiz. Ayniqsa, tabarruk zaminda bo‘lib turgan umra ziyoratchilari xursandchiligining adog‘i yo‘q.

Ziyoratchilarimiz Alloh taologa O‘zining muborak zaminiga yetkazgani uchun hamdu sanolar aytishib, sog‘inch ila kutilgan kunlarga yetishgani uchun shukronalar qilishmoqda.

Alloh taolo umra ziyoratini boshlagan hamyurtlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin, muborak ziyoratni barcha mo‘min-musulmonlarga nasib etsin!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!