O‘limga ham tik boqqan general — aktyor Baxshillo Fatullayevning "Mehr operasiyasi"dagi obrazi haqida

O‘limga ham tik boqqan general — aktyor Baxshillo Fatullayevning "Mehr operasiyasi"dagi obrazi haqida

Aktyor Baxshillo Fatullayev ijodida navbatdagi katta ekranlarga chiqishi kutilayotgan film rejissyor Hilol Nasimovning “Mehr operasiyasi” filmidir. Aktyor bu filmda o‘z zimmasidagi kuchli mas’uliyatni bajarish uchun o‘limga ham tik boqqan general obrazini gavdalantirgan.

“Mehr operasiyasi” filmining suratga olish ishlari O‘zbekistonning Surxondaryo va boshqa bir qator viloyatlarida, Turkiyaning Istanbul va Gazantepa shaharlarida bo‘lib o‘tdi.

Filmda taniqli o‘zbek aktyorlaridan Karim Mirxodiyev, Fotih Nasimov, Vazira Yunusova, Farhod Abdullayev, Bobur Yo‘ldoshev va boshqalar suratga tushishgan.

Film voqealari Suriyada adashganlarni qutqarish bilan bog‘liq bo‘lib, aktyor Baxshillo Fatullayev qahramoni unda muhim o‘rin tutadi. U har taraflama yetuk, jismonan va ma’nan kuchli shaxs. Uning birgina buyrug‘i ko‘p narsani hal qiladi. Shuning uchun ham, u o‘ylab, mas’uliyat bilan ish ko‘rishi shart. Bu obrazda ayniqsa, ko‘z qarashlar va holat muhim bo‘lib, aktyor bu rolni diqqat bilan, maromiga yetkazib ijro qilishga bor ijodiy kuchini sarfladi.

Filmda har xil aldovlar bilan Suriyaga olib ketilgan o‘zbekistonlik fuqarolarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni qutqarishga bag‘ishlangan tahlikali va o‘ta muhim operasiyaning muvaffaqiyatli chiqishi, aktyor Baxshillo Fatullayev ijrosidagi Generalga bog‘liq edi. Buni ekranda to‘laqonli ochib berish, qahramonning amalga oshirgan har bir harakati va so‘zi zalvorini his qilish, hamda bunga tomoshabinni ishontira olish aktyorda mujassam bo‘lib, obrazni yanada esda qolarli bo‘lishini ta’minladi.

Baxshillo Fatullayev bu rol orqali shu kabi murakkab operasiyalarda ishtirok etgan, yurt uchun, vatandoshlari uchun o‘z jonini fido etgan ko‘plab harbiylarning timsolini yaratdi. Ularning hayoti qanchalar sinovlarga to‘la ekanligini, birgina qaror qanchalab insonlar hayotini hal qilishi mumkinligini ko‘rsatib bera oldi. Shuningdek, yurtimizning mard harbiylari qanchalar o‘z burchiga sodiqligini rol orqali namoyish qildi. U ijro qilgan general obrazida Vatanimizning sadoqatli generallari timsollari mujassam bo‘lib, aktyor Baxshillo Fatullayev bu rolni mana shu jihatlarni chuqur his qilgan holda ijro qildi.

Tez kunlarda katta ekranlarga chiqishi kutilayotgan “Mehr operasiyasi” filmidagi general obrazi ham, Baxshillo Fatullayevning ko‘plab rollari kabi, tomoshabinlarga manzur bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!