Ukrainaning uzoq masofali zarbalari tufayli Rossiyaning o‘q-dori sarfi keskin kamaydi - Kiyev

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning ma’lum qilishicha, Ukrainaning Moskva harbiy ob’ektlariga uzoq masofali zarbalari ko‘payishi natijasida Rossiyaning artilleriya o‘q-dorisi sarfi ikki baravarga qisqargan.
U 19-yanvar kuni Ukrainaning "TSN" axborot dasturiga bergan intervyusida Rossiya armiyasining artilleriya o‘q-dorisi sarfi va Kiyevning "o‘q-dori ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari" hamda boshqa harbiy ta’minot manbaalariga bergan zarbalari oqibatlari haqida so‘z yuritdi.
Rossiyaning artilleriya o‘q-dorisi sarfi taxminan ikki baravarga qisqargani muhim ahamiyatga ega, chunki bu Moskva kuchlarining samarali jang qilish qobiliyatiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan qurol va boshqa o‘q-dorilar kabi juda zarur resurslar tanqisligidan darak berishi mumkin. O‘q-dori sarfining kamayishi, shuningdek, Rossiya harbiylari Ukrainadagi urush dinamikasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yangi taktikaga o‘tganini ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Bu, shuningdek, Rossiya harbiy kuchlari ichki muammolarga duch kelayotganini, xususan, askarlarni o‘q-dorilardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish bilan bog‘liq qiyinchiliklar uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatishi mumkin.
Rossiyaning o‘q-dorilardan foydalanishni kamaytirishi Ukraina uchun taktikasini o‘zgartirish, Moskvaning Kursk yoki Donetsk viloyatlaridagi hujumlarini orqaga surish yoki qarshi hujumlarda ularning zaif tomonlaridan foydalanish imkoniyatini yaratishi mumkin.
Prezident Jo Bayden Ukrainaga AQShda ishlab chiqarilgan uzoq masofali qurollardan foydalanishga ruxsat berganidan so‘ng, Kiyev qurolli kuchlari tomonidan Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalar sonining ko‘payishi natijasida Rossiyaning artilleriya o‘q-dorilaridan foydalanishi kamayganini kuzatish mumkin.
So‘nggi haftalarda Ukraina Rossiyaning neft omborlari va neftni qayta ishlash zavodlariga, shuningdek, harbiy ishlab chiqarish ob’ektlari va kimyo zavodlariga hujumlarini kuchaytirdi. 10 yanvardan 17 yanvargacha Ukraina dron va raketalar yordamida 10 ta muhim infratuzilma ob’ektiga zarba berdi. Bular orasida porox va o‘q-dorilar ishlab chiqaradigan, raketa va portlovchi moddalar uchun ehtiyot qismlar tayyorlaydigan Bryansk kimyo zavodi ham bor edi.