Ukraina o‘z qurollarini eksport qilishni boshlashi mumkin
Ukraina mamlakatda qurol ishlab chiqarish ko‘lamini oshirish va Ukraina armiyasining jang maydonidagi pozisiyasini yaxshilash uchun dronlar eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi mumkin, deb xabar berdi Financial Times'ga xabardor bo‘lgan manbalar.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) ko‘proq havo kuzatuvlari, himoya vositalari va uzoq masofaga zarba beruvchi dronlarga juda muhtoj. Biroq, Kiyev buning uchun cheklangan moliyaviy resurslarga duch kelmoqda.
Mamlakatdagi eng yirik dron ishlab chiqaruvchilardan biri "Ukrspetsistema" rahbari Dmitriy Xasapov FT'ga ma’lum qilishicha, davlat shartnomalari korxonaning barcha ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushira olmaydi.
Shu bilan birga, dronlarning eksporti Ukrainaga yiliga 20 milliard dollargacha daromad keltirishi mumkin, deydi Oliy Radaning iqtisodiy quyi qo‘mitasi rahbari Aleksandr Marikovskiy. «Bu bizga kerak bo‘lgan pul», dedi u.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda qurol-yarog‘ sotib olish uchun Ukraina davlat byudjeti 6 milliard dollarni tashkil etadi, ularning qariyb uchdan bir qismi dronlarga yo‘naltiriladi. Shunga qaramay, bu front ehtiyojlaridan ancha kam, deb qo‘shimcha qiladi nashr. Ukraina kompaniyalariga dronlarni chet elga sotishga ruxsat berilishi yangi dronlarni ishlab chiqarish, shuningdek, tadqiqotlar va yangi ishlanmalarga investisiyalarni jalb qilishga yordam berishi kutilmoqda.