Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini Rossiyasiz belgilab bo‘lmaydi
Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini Rossiya ishtirokisiz ishlab chiqish mumkin emas. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
U Germaniya kansleri Fridrix Mersning bunday kafolatlar Ukraina va uning hamkorlari tomonidan, Rossiya ishtirokisiz belgilanishi kerakligi haqidagi bayonotiga izoh berdi.
"Rossiya ishtirokisiz xavfsizlik kafolatlarini shakllantirish mumkin emas. Agar yevropaliklar haqiqatan ham shu pozisiyada turib, uni qat’iy talab qilsa, bu Yevropa davlatlarining mojaroni hal qilish jarayonida ishtirok etish imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi", — dedi Peskov.
Kreml vakili Yevropaning bunday yondashuvini "boshi berk ko‘chaga olib boruvchi pozisiya" deb baholadi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Yevropa davlatlarini Ukraina masalasida Rossiya va AQSh o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni barbod qilishga urinishda aybladi.
"Evropaliklar Rossiya va AQSh o‘rtasida mavjud kelishuvlarni buzishga qaratilgan navbatdagi o‘yinlarni boshlamoqda", — dedi u Chad tashqi ishlar vaziri Abdulaye Sabre Fadul bilan muzokaralar yakunidagi jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin kelishuvlar bajarilmagan taqdirda Rossiya 2024 yil iyunida belgilangan maqsadlarga qanday erishishni bilishini bir necha bor ta’kidlagan.
