Ukraina bosh prokurori iste’foga chiqishini bildirdi
Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko lavozimidan iste’foga chiqish haqida ariza berganini ma’lum qildi.
Ushbu qaror bosh prokuraturasidagi korrupsiya janjali fonida qabul qilindi. Jumladan, bosh prokuratura Xalqaro hamkorlik departamenti rahbari Sergey Krapivaga korrupsiya bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Dam olish kunlari Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi kurash byurosi (NABU) va Maxsus korrupsiyaga qarshi prokuratura (SAP) jinoiy tashkilot fosh etilganini ma’lum qildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uni bosh prokuratura rahbarlaridan biri boshqargan.
Taxminlarga ko‘ra, sxema ishtirokchilari firibgarlik bilan shug‘ullanuvchi koll-markazlardan pora olgan va noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘larni legallashtirgan.
NABU tomonidan e’lon qilingan audioyozuvlarda qandaydir «Shef» tilga olingan. Ukraina jurnalistlari bu shaxs Kravchenkoning o‘zi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Biroq bosh prokuror bir necha bor koll-markazlarni himoya qilish yoki ularning faoliyatiga ko‘maklashishga hech qanday aloqasi yo‘qligini va hech qanday jinoyat sodir etmaganini ta’kidlagan.
«Bu siyosiy qaror. Va men uni ongli ravishda qabul qildim. Bosh prokuror lavozimidan siyosiy qarama-qarshilik vositasi sifatida foydalanilishini istamayman. Ayblovlarga nisbatan pozisiyam o‘zgarishsiz qolmoqda», — deb yozdi Kravchenko dushanba kuni kechqurun.
Bosh prokurorni lavozimidan ozod qilish uchun Ukraina Oliy Radasining qarori talab etiladi.
