Ugandada qurg‘oqchilik sababli 16 kishi ochlikdan vafot etdi
Ugandaning Karamoja mintaqasida uzoq davom etgan qurg‘oqchilik hosilni butunlay nobud qilganidan keyin kamida 16 nafar mahalliy aholi vakili ochlikdan vafot etdi. Bu haqda mamlakat rasmiylariga tayanib, BBC xabar berdi.
Mintaqada an’anaviy tarzda ekish mavsumi boshlanadigan aprel oyidan beri deyarli yog‘ingarchilik bo‘lmagani sababli dehqonlar oziq-ovqatsiz qolgan. Qurg‘oqchilik makkajo‘xori, jo‘xori va soya ekinlarini nobud qilib, minglab oilalarni yashash vositalaridan mahrum etgan.
Uganda bosh vaziri Robina Nabbanjaning ma’lum qilishicha, hukumat jabrlangan hududlar uchun zudlik bilan qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari sotib olishni rejalashtirmoqda va birinchi yordam aholiga yetib borishni boshlagan.
Ekspertlar mintaqada takrorlanayotgan gumanitar inqirozlarni iqlim o‘zgarishi, o‘rmonlarning kesilishi va chorva mollarining haddan tashqari ko‘p boqilishi bilan bog‘lamoqda.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda ushbu hudud xuddi shunday og‘ir ochlikni boshdan kechirgan bo‘lib, o‘shanda 2200 dan ortiq kishi uning qurboniga aylangan.
