Uch kunlik chaqalog‘ini 9 ming AQSh dollarga sotayotgan ayolga sud hukmi o‘qildi

Uch kunlik chaqalog‘ini 9 ming AQSh dollarga sotayotgan ayolga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tomonidan 3 kunlik chaqalog‘ini 9 ming AQSh dollarga sotgan onaga hukm o‘qildi. U 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Asli namanganlik Sitora (ism-shariflar o‘zgartirilgan) bu yil 23 yoshga to‘ldi. Hali turmushga chiqmagan. O‘tgan yili Toshkentga ish izlab kelib, ijarada yashay boshlaydi. Hadeganda ish topilavermagach, u ijarachi sheriklariga qo‘shilib, oson yo‘l bilan mo‘may daromad topish ilinjida fohishalik qila boshlaydi.

Ota-onasiga “kafeda ishlayapman”, deb yolg‘on gapiradi. Aslida, esa...

U kun kelib, notanish kimsalardan homilador bo‘lib qolishni xayoliga ham keltirmagandi. Homilador bo‘lib qolganini bilgan Sitora buni yaqinlaridan yashiradi. Shu bois ota-onasining oldiga ham qaytolmaydi. Uning xayollarini bu muammodan qanday xalos bo‘lish, sharmandalikdan qutulish kabi o‘ylar chulg‘ab oladi. O‘ylay-o‘ylay, oxiri bolasini dunyoga keltirishga qaror qiladi.

Kvartiraga kelib-ketib yuradigan qiz-juvonlar orasida Muhayyo ismli ayol Sitoraning joniga ora kiradi. Muhayyo Sitoraning 8 oylik homilasidan xabar topgach, farzandsizligini aytib, tug‘ilajak bolani sotib olishni taklif qiladi.

Sitora dastlab rozi bo‘lmaydi. Chunki tug‘ishgan opasi ham bir necha yildan beri farzandga zor edi. Bolasi tug‘ilgach, uni opasiga berishni niyat qilganini aytadi. Ammo hamxonasi bola uchun 15 000 AQSh dollari taklif qilgandan so‘ng uning fikri o‘zgaradi. Biroq so‘ngi xulosani chaqaloq tug‘ilgach aytishini bildiradi.

Joriy yilning 16 avgust kuni u o‘g‘illi bo‘ladi. Uch kundan so‘ng tug‘ruqxonadan ruxsat bo‘lgach, kelishuvga asosan Muhayyoga qo‘ng‘iroq qiladi. Ayol esa ertaga eri Qo‘qondan kelishi, ularda 9 ming AQSh dollari borligini, hozircha shu pulni berishga qurbi yetishini aytadi. U rozi bo‘ladi.

Kelishuv bo‘yicha ertasi kuni soat 18:00 da Sitora kelishilgan joyda 9000 AQSh dollarini mashina ichida olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!