Turkmanistonda koronavirus yo‘q! Berdimuhamedov epidemiologik xavfsizlik bo‘yicha vazirlarni ishdan bo‘shatdi

Turkmanistonda koronavirus yo‘q! Berdimuhamedov epidemiologik xavfsizlik bo‘yicha vazirlarni ishdan bo‘shatdi

Joriy yil 25 avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi va amaldorlar bilan Turkmaniston Favqulodda komissiyasining kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini muhokama qildi.

“Hozir butun dunyoni qamrab olgan koronavirusning Turkmanistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish choralarini kuchaytirish zarur, vazirliklar, idoralarda, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha korxonalarda ushbu virusga qarshi kurash choralari to‘g‘ri tashkil etilishi, sanitariya va epidemiologiya qoidalariga qat’iy rioya qilinishi shart”, deya ta’kidladi davlat rahbari

Epidemiya hali Turkmanistonga hali kirib kelmaganini aytishdan to‘xtamayotgan Berdimuhammedov oilaviy shifokorlar va ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarga “mamlakatning hamma burchaklarida” profilaktik chora-tadbirlarini ko‘rish zarurligi haqida tushuntirish o‘tkazishni buyurdi, ommaviy tadbirlar o‘tkazishni cheklash bo‘yicha takliflar tayyorlashga ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat rahbari bir qator mansabdor shaxslarning ishdan olinishini e’lon qildi.
• Bosh vazirning fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mammetmurat Geldiniyazov ishidagi jiddiy kamchiliklari uchun ishdan olindi. O‘rniga esa Saparturdi Toyliyev tayinlandi. U bir vaqtning o‘zida Turkmaniston Fanlar akademiyasi rahbari vazifalarini bajaradi.

• Ta’lim vaziri O‘razgeldi Qurbonov ham ishidagi jiddiy kamchiliklari uchun lavozimidan ozod qilindi, uning o‘rniga Gurbangul Atayeva tayinlandi. Bunga qadar Atayeva Ayollar uyushmasi markaziy kengashi va Turkmaniston kasaba uyushmalari milliy markazini boshqargan.
• Arslanqilich Qilichov sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vazirining o‘rinbosari — Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati rahbari lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Murat Mammedov tayinlandi. Mammedov bungacha yuqumli kasalliklar markazlari boshqarmasi bosh direktori bo‘lgan, uning o‘rnini Annamurat Rejepov egalladi.
• Ishidagi jiddiy kamchiliklari uchun Turkmaniston Davlat migrasiya xizmati raisi, podpolkovnik Bekmurat Ovezov vazifasidan olindi. Uning lavozimini Nazar Atagarayev egalladi.

Mustaqil OAV xabarlariga ko‘ra, Turkmanistonda COVIDC-19 pandemiyasining navbatdagi to‘lqini avj olishi kuzatilmoqda. Ashxabodda bozorlar va kafelar qayta yopilgan, jamoat transporti dezinfeksiya qilinmoqda, polisiya niqobsiz odamlarni jarimaga tortmoqda, korxona va tashkilotlar xodimlaridan emlanganlik guvohnomasi talab qilinib, aks holda ularga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda.

Hududlarda shifoxonalar to‘lgan va xodimlar yetishmayapti. Turkmaniston mustaqilligining 30-yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda davlat xizmatchilarining ishtirok etish-etmasligi savol ostida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!