Turkiya va Gresiya mojarosiga Merkel aralashdi

Turkiya va Gresiya mojarosiga Merkel aralashdi

Tomonlar Sharqiy O‘rta Yer dengizi voqealari, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarga e’tibor qaratgan holda mintaqaviy mavzularni muhokama qilgan. 

Muzokaralar chog‘ida Erdo‘g‘an Anqara Sharqiy O‘rta Yer dengizida Turkiya va Kiprning turk hamjamiyati huquqlarini himoya qiladigan va barcha qirg‘oq davlatlari uchun foydali bo‘lgan adolatli kelishuv tarafdori ekanligini aytgan. Shu bilan birga, davlat rahbari Gresiya, Kiprning yunon tomoni va ularni qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlar muammoni hal qilishga to‘sqinlik qiladigan va keskinlikni kuchayishiga hissa qo‘shadigan qadamlar qo‘yayotganini ta’kidladi. 

Prezident Erdo‘g‘an, ayrim davlatlarning Gresiyaning xudbin va adolatsiz pozisiyasini qo‘llab-quvvatlashiga yo‘l qo‘yilmasligini aytib, xalqaro huquqni e’tiborsiz qoldiradigan harakatlar oldida Turkiya o‘z huquqlari va manfaatlarini doimo himoya qilishini ta’kidladi. 

Turkiya rahbari Anqara Germaniya kanslerining Gresiya va uni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarning Sharqiy O‘rta Yer dengizdagi mintaqaviy tinchlikka zarar yetkazadigan qadamlari tufayli yuzaga kelgan muammoni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qabul qilishini aytgan. 

Joriy yilning 9 iyun kuni Gresiya va Italiya Ion dengizidagi ikki mamlakat o‘rtasida eksklyuziv iqtisodiy zonalarni delimitasiya qilish to‘g‘risida bitim imzoladilar. 6 avgust kuni Gresiya va Misr Tashqi ishlar vazirlari O‘rta Yer dengizidagi zonalarni belgilash to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Ushbu ikki kelishuv allaqachon Gresiya Parlamenti tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, Afina kelajakda Kipr, Liviya va iloji bo‘lsa, Turkiya bilan ham shu kabi shartnomalarni tuzishni rejalashtirmoqda. 26 avgust kuni Gresiya Bosh vaziri Kiriakos Misotakis Parlamentda "zudlik bilan qonun loyihasining kiritilishi bilan Gresiya Ion dengizida o‘z hududiy suvlarini g‘arbga qarab 6 dan 12 dengiz miligacha kengaytiradi", deb e’lon qildi. Misotakisning so‘zlariga ko‘ra, bu Yunonistonning Ionian orollaridan Peloponnesdagi Tenaron burniga qadar bo‘lgan hududga tegishli. Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias allaqachon Italiya va Albaniyadagi hamkasblariga Gresiyaning qarori to‘g‘risida xabar bergan. 

Turkiya vise-prezidenti Fuat Oktay 29 avgust kuni Gresiya Egey dengizidagi hududiy suvlarini 12 dengiz miligacha kengaytirsa, urush bilan tahdid qildi. Anqara, shuningdek, Yunoniston-Misr kelishuvini tan olmasligini va seysmik tadqiqotlar olib boradigan harbiy kemalar guruhi bilan birga “Oruch Reis” tadqiqot kemasini Kastelorizodan Yunonistonning offshor rafidan jo‘natganini aytdi. O‘z navbatida, Gresiya o‘z qurolli kuchlarini shay holatga keltirdi va o‘z suveren huquqlarini himoya qilishini e’lon qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!