Turkiya prezidenti Erdo‘g‘anga qarshi bir necha marta suiqasd qilishga urinishgan — Türkiye gazetasi
Nashrning xabar berishicha, Turkiyada taqiqlangan va terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO tashkiloti 2016 yil iyul oyida davlat to‘ntarishiga urinishdan oldin va o‘sha vaqtning o‘zida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga bir necha bor suiqasd qilishga harakat qilgan.
Turkiya Mudofaa vazirligining kiberxavfsizlik masalalari uchun mas’ul bo‘lgan iste’fodagi brigada generali Ibrohim Buyukboshning so‘zlariga ko‘ra, dastlab Erdo‘g‘anga suiqasdni harbiy mashg‘ulotlar paytida amalga oshirish rejalashtirilgan, biroq maxsus xizmatlar bir qator shubhali holatlarni qayd etgan va prezidentning ushbu mashg‘ulotlarda ishtirok etish dasturi bekor qilingan.
Keyinchalik turk xavfsizlik kuchlari Erdo‘g‘anni 1981 yilda Misr prezidenti Anvar Sadatga qarshi harbiy paradda uyushtirilgan suiqasdga o‘xshash ko‘rinishda o‘ldirish rejalashtirilgani haqida ma’lumot olgan.
Turkiya yetakchisiga navbatdagi suiqasd 2016 yil 15 iyulda, davlat to‘ntarishiga urinish chog‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur rejaga ko‘ra, Erdo‘g‘an Marmarisdagi mehmonxonada asirga olinishi, xorijiy davlat samolyotiga olib chiqilishi va havoda o‘ldirilishi kerak edi. Bu reja prezident mehmonxonani isyonchi guruh kelishidan oldin tark etgani sababli amalga oshmagan.
