Turkiya Finlyandiya va Shvesiyadan nima xohlamoqda?

Turkiya Finlyandiya va Shvesiyadan nima xohlamoqda?

Shvesiya va Finlyandiyaning NATOga a’zolik jarayonini davom ettirish uchun ular Anqaraning bu bilan bog‘liq xavfsizlik muammolarini hal qilishning aniq choralarini ko‘rishi kerak. Bu haqda Turkiya Prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin Anqarada Turkiya, Shvesiya va Finlyandiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.

“Turkiya Anqara xavfsizlikka oid xavotirlari yuzasidan ma’lum muddat ichida aniq choralar ko‘rilmasa, Shvesiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusi oldinga siljimasligini ochiq aytdi”, deydi Prezident matbuot kotibi.

Shuningdek, Kalin muzokaralar chog‘ida Anqaraga mudofaa mahsulotlari yetkazib berilishiga qo‘yilgan embargoning bekor qilinishi masalasiga “ijobiy munosabat” bo‘lganini qayd etgan.

“NATO bo‘yicha ittifoqchilarning bir-biriga qarshi sanksiyalar qo‘llashi qabul qilinishi mumkin emas”, deydi Turkiya rahbari vakili.

U Turkiyaning xavfsizlik bilan bog‘liq tashvishlari birinchi navbatda mamlakatga qarshi terroristik kurash olib borayotgan PKK, PYD/YPG, DHKP-C va FETÖ kabi terror tashkilotlarining Yevropa davlatlari, jumladan Finlyandiya va Shvesiyadagi faoliyati bilan bog‘liqligini eslatdi. Kalin, PKK, YPG va PYD’ning bir xil terror guruhlari ekanligini tushuntirdi.

Matbuot kotibi PYD/YPG’ning Suriya shimolida sodir etgan urush jinoyatlari xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Amnesty International va Xalqaro inson huquqlari federasiyasining hisobotlarida ham tilga olinganini eslatdi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yil ichida Anqara bir necha bor Shvesiya va Finlyandiyaga terrorizmni qo‘llab-quvvatlagan shaxslarni ekstradisiya qilish bo‘yicha so‘rovlar bilan murojaat qilgan.

Kalin, Turkiya 1999 yilgi NATO sammitida ittifoqqa a’zolik jarayoni bilan bog‘liq holda qabul qilingan tamoyil va tartiblarning “to‘g‘ri tatbiq etilishini” intiqlik bilan kutayotganini qo‘shimcha qildi. U, NATO a’zolarining xavfsizlik muammolarini “adolatli” hal qilish kerakligini aytdi.

“Turkiya NATOga a’zo bo‘lgan 70 yil davomida alyansning asosiy tamoyillari doirasidagi faoliyatiga muhim hissa qo‘shdi. NATO xavfsizlik ittifoqidir, unga a’zo bo‘lgan davlatlar boshqa a’zo davlatlarning xavfsizlik muammolarini hal qilishga hissa qo‘shishi kerak. Shunday ekan, bu ittifoqning eng asosiy masalasi a’zolarining xavfsizlik muammolarini teng va adolatli hal etishdir”, deya xulosa qilgan Kalin.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 may kuni Anqaradagi Prezident saroyida Turkiya, Shvesiya va Finlyandiya delegasiyalari muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida, taxminan besh soat davom etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!