Turk noni bilan har qanday nonushta yanada mazaliroq!
Turkiyada non qishloq oshxonalaridan tortib, shahar restoranlari va kafelarigacha har bir dasturxonning bezagi hisoblanadi. U nafaqat asosiy oziq-ovqat mahsuloti, balki bu zamindagi barhayot madaniy meros timsolidir. Onado‘lida nonning chuqur ildiz otgan an’anasi ming yillarga borib taqaladi. Qazishmalar natijasida topilgan non va tandir qoldiqlari esa turk oshxona madaniyatining asrlar davomida rivojlanib, takomillashib kelganidan dalolat beradi.
Eng qadimiy non izlari: Onado‘li mo‘’jizalari
So‘nggi arxeologik topilmalar eng qadimiy non tayyorlash an’nalari aynan Onado‘li hududiga mansub ekanini ko‘rsatmoqda. Arxeologlar Konyaning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Chatalho‘yuk shahrida jiddiy shikastlangan tandir qoldiqlari orasidan 8 600 yillik xamirturushli non topdilar va u miloddan avvalgi 6600 yillarga oid eng qadimgi nonlardan biri sanaladi.
Shuningdek, Eski shahardagi Kulluoba tepaligidan 5 000 yillik tarixga ega xamirturush va tandirda pishirilgan non qoldiqlari topilgan. Bu nonning tarkibida emmer bug‘doyi va yasmiq borligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, non taxminan 140°S haroratda pishirilgan bo‘lib, uning bir bo‘lagi hosil bayrami doirasida ataylab sindirilib yoqilgan, so‘ng esa uy ostonasiga ko‘milgan.
Karamandagi Topraktepe (Irenepolis) qadimiy shahrida olib borilgan qazishmalar chog‘ida milodiy VII–VIII asrlarga oid beshta karbonlashgan non topilgan. Mutaxassislarning fikricha, bu nonlar ilk nasroniylik marosimlarida ishlatilgan muqaddas non bo‘lishi mumkin.
Turkiyaning Shonliurfa viloyatidagi Harran xarobalaridan olmos naqshli non qolipi topildi. Bu 800 yillik qolip o‘sha davr odamlarining nonni qanday tayyorlaganiga doir qimmatli manbai hisoblanadi.
Turkiyaning afsonaviy noni: Pide
Turkiyada o‘nlab mahalliy non turlari mavjud bo‘lib, ular mahalliy mahsulotlar, iqlim sharoiti va asrlar davomida shakllangan an’analarni aks ettiradi. Masalan, eng mashhur nonlardan biri “pide” o‘ziga xos toshli o‘tin pechlarda pishirilishi bilan ajralib turadi. Pide tayyorlanish uslubiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin: “tirnak pide”, “tombik pide” yoki Ramazon pidesi. Unga pishloq, ismaloq, qovurilgan go‘sht va qiyma kabi masalliqlar qo‘shiladi. Pide o‘ziga xos ta’mi va jozibasi bilan turk oshxonasining ramziga aylandi.
YUNESKO e’tirof etgan nonlar: Lavash va Yufka
Turk pazandachilik madaniyatida muhim o‘rin tutuvchi yana ikki non turi lavash va yufka asrlar davomida Onado‘li hududida tayyorlanib kelinadi. Bu nonlarni tayyorlash, ayniqsa qishga g‘amlash yoki to‘y kabi maxsus kunlarda ayollarning birgalikda yupqa xamir yoyib yufka pishirish an’anasi sifatida shakllangan. Bu o‘ziga xos an’ana 2016 yilda YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Lavash — pidening bir turi bo‘lib, odatda do‘ner, achchiq “chig‘ ko‘fte” va boshqa turdagi kaboblar yumshoq lavashga o‘ralgan holda taqdim etiladi. Lavashdan ham yupqaroq bo‘lgan yufka esa nonushtada pishloq bilan birga iste’mol qilinadi. Hatto Turkiyaning milliy shirinligi bo‘lgan paxlava ham o‘ta nozik yufka qatlamlaridan tayyorlanadi.
Non — qadim zamonlardan beri Onado‘li hayoti va madaniyatining ajralmas bir qismi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda Turkiyada sayyohlar nafaqat bu qadimiy an’ananing izlarini kashf etishlari, balki hanuzgacha tayyorlab kelinayotgan turfa xil nonlarning beqiyos ta’midan bahramand bo‘lishlari mumkin.
