To‘lqin Qilichev boks terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi

To‘lqin Qilichev boks terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Bu haqida O‘zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yaxshi bilasiz, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi yillarda jahon miqyosida ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bunda shubhasiz murabbiylar shtabining o‘rni yuqori. Ammo vaqt bir joyda turmaydi va terma jamoadagi avlodlar almashinuvi murabbiylar shtabida ham muhitni o‘zgartirish lozimligidan dalolat beradi.

Bugun, 5 avgust kuni O‘zbekiston boks federasiyasida yig‘ilish tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston boks federasiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Xabaringiz bor, shu kungacha milliy terma jamoamizni Marat Qurbonov uzoq vaqt davomida boshqarib kelayotgandi va u kishi boshchiligida o‘zbek bokschilari Olimpiya o‘yinlarida, Jahon va Osiyo chempionatlarida umumjamoa hisobida yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Bugun tashkil etilgan tadbirda ham Marat Galiyevichning qilgan xizmatlari alohida e’tirof etildi va terma jamoaga vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida u kishining eng yaqin shogirdlaridan biri To‘lqin Qilichev vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Qayd etish lozimki, Marat Qurbonovning boksdagi faoliyati yakunlangani yo‘q. U kishi hali ko‘plab murabbiylar, chempion bokschilarni tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonamiz.

O‘zbekiston boks federasiyasi Marat Galiyevichning terma jamoa rulidagi samarali faoliyatini yuksak qadrlaydi va o‘z minnatdorchiligini bildiradi. To‘lqin Qilichevga esa yangi vazifada omad tilab qolamiz, deyiladi federasiya bayonotida


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!