Tramp: Eron uchun 300 milliard dollarlik investisiya jamg‘armasi mavjud emas
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan tinchlik kelishuvi doirasida 300 milliard dollarlik investisiya jamg‘armasi tashkil etilgani haqidagi xabarlarni yana bir bor rad etdi.
Fransiyada bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» sammitida so‘zlagan Tramp shunday dedi:
— Biz bir sent ham sarmoya kiritmayapmiz. Biz sarmoya kiritishni rejalashtirmaganmiz va hech qanday jamg‘arma ham mavjud emas.
Uning ta’kidlashicha, AQSh Fors ko‘rfazi davlatlaridan ham Eronga sarmoya kiritishni so‘ramagan.
— Agar ular shunday qilsa, mayli. Lekin menimcha, ular Eronning xatti-harakati o‘zgarganiga ishonch hosil qilmaguncha bunday qadam tashlamaydi, — dedi Tramp.
AQSh prezidentining aytishicha, 300 milliard dollarlik jamg‘arma haqidagi xabarlar uning avvalgi bayonotlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida paydo bo‘lgan.
Avvalroq Eronning «Mehr» axborot agentligi AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasida mamlakatni tiklash uchun 300 milliard dollarlik dastur ko‘zda tutilganini xabar qilgan edi.
Shuningdek, AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens ham intervyularidan birida Eron kelishuv shartlarini bajarsa, katta hajmdagi investisiya mablag‘laridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Biroq Tramp ma’muriyatining rasmiy pozisiyasiga ko‘ra, AQSh byudjeti hisobidan Eron uchun hech qanday 300 milliard dollarlik jamg‘arma tashkil etilmagan va Vashington tomonidan bunday moliyaviy yordam rejalashtirilmagan.
