Toshkentga sifatsiz go‘sht yetkazib berayotgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Toshkentga sifatsiz go‘sht yetkazib berayotgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Xalqimiz salomatligini saqlash, uning turmush farovonligini oshirishdek muhim vazifa ijrosini ta’minlash bevosita iste’mol bozoridagi mahsulotlarning sifat darajasi, yaroqlilik muddati kabi omillar bilan chambarchas bog‘liq. Shu boisdan ham har bir mahsulotni iste’molchiga yetkazib berishdan avval uning inson hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga nechog‘lik javob berishi vakolatli organlar, xususan, davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan tekshirishdan o‘tkazilishi lozim.

Biroq hayotda shunday kimsalar ham borki, ular bemalol sifat nazorati  tekshiruvlarini chetlab o‘tishdan, o‘zgalar hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yish evaziga mulkiy naf ko‘rishdan zarracha tap tortishmaydi. 

Quyida shunday g‘araz niyat bilan qing‘irlikka qo‘l urgan Xamroyev Xaknazar va Xafizov Nazirjonning kirdikorlari xususida to‘xtalamiz.

Koson tumanida istiqomat qiluvchi Xamroyev Xaknazar qassoblikning sir-asrorini o‘rganayotganida bu hunar halollik, pokizalik kabi yuksak insoniy fazilatlarga amal qilinsagina qut-baraka keltirishini negadir anglab yetmadi. U o‘sha kezdayoq bozorga sifatli go‘sht mahsuloti yetkazib berishdan ko‘ra, qanday bo‘lmasin, tezroq cho‘ntagini qappaytirishni maqsad qilib oladi. Shu boisdan ham tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishni xayoliga ham keltirmadi. Xafizov Nazirjonni yoniga olib,  o‘zicha maslahat qilgan bo‘ldi. O‘zaro suhbat asnosida ular Toshkent shahridagi bozorlarga ko‘p miqdorda go‘sht yetkazib berishga kelishib olishdi.

— Bitta sigirni maydalab sotsang, sariq chaqaga zo‘rg‘a ega bo‘lasan, undan ko‘ra tayyor so‘yilgan go‘shtni to‘plab sotsang, mo‘mayroq soqqa qilasan, — deydi Xaknazar Nazirjonga o‘zini dono deb ko‘rsatib.

Nazirjon ham unga zarracha e’tiroz bildirmadi, aksincha, akasining mo‘may daromad orttirishga qaratilgan g‘araz maqsadi unga ham moydek yoqib tushdi. Xullas, o‘zaro kelishuviga muvofiq, ular arzon gusht izlashga tushgan, tanish-bilish qassoblardan arzon va o‘tmay qolgan go‘shtlarni yig‘ib olib, tanishi  B.Qilichev bilan og‘zaki ravishda kelishib, B.Qilichevning boshqaruvidagi oq rangli, “ISUZU NQR71PL” rusumli, 30 F 213 UA davlat raqam belgili yuk avtomashinaga sifatsiz go‘shtlarni joylashtirilib, Toshkent tomonga yo‘l oldi, biroq B.Qilichev o‘zining boshqaruvidagi yuk avtomashinasida 2021 yil 10 fevralda Toshkent shahriga harakatlanib ketayotgan vaqtida Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidan chiqish qismida joylashgan YPX maskanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda 210 kg. sifatsiz go‘sht mahsuloti aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Sirdaryo viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining hamda Sirdaryo viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining xulosalariga ko‘ra, B.Qilichev boshqaruvidagi avtomashinasidan ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan 210 kg mayda va yirik shoxli mol go‘shti iste’molga yaroqsizligi, ushbu mahsulotlarda “ichak tayoqchalari” namunalari borligi, insonlar hayoti uchun xavfli ekanligi, ya’ni insonlar iste’mol qilganda zaharlanish holatlari yuzaga kelishi, bir so‘z bilan aytganda, iste’molga mutlaqo yaroqsizligi aniqlangan va tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Sud ishni atroflicha ko‘rib chiqib, sudlanuvchilar Xamroyev Xaknazar va Xafizov Nazirjonni Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topdi va ularga qonuniy jazo tayinladi.

Shu zaylda inson salomatligiga jiddiy tahdid soluvchi yoki uning hayotini xavf ostida qoldiruvchi go‘sht mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan aybdorlar qonun oldida javob berishga majbur bo‘lishdi. Agar ular tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, qonun doirasida faoliyat yuritganida, eng muhimi, o‘z yurtdoshlari dasturxoniga sifatli go‘sht mahsulotlarini yetkazib berganlarida elning duosini olgan, ko‘pchilik oldida uyatga qolmagan bo‘lishardi.

Zero, xalqimiz «Halollik huzur-halovat, nopoklik esa, afsus-nadomat keltiradi», deb bejizga aytmagan.

Baxtiyor Mamadaminov,
Sirdaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!